Ilm-fan va iqtisodiyot uyg‘unligi
Sharh
2026-yilning 9-oktabrida qabul qilingan “Yangi ishlanmalarga asoslangan “spin-off“ korxonalarini tashkil etish hamda yangi ishlanmalarni tijoratlashtirishga tayyorlash loyihalarini moliyalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori mamlakatimizda ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi mustahkam ko‘prikni yaratish, ilmiy laboratoriyalardagi noyob g‘oyalarning amaliyotga joriy etilishini ta’minlash hamda jahon tajribasida o‘z samarasini bergan ilg‘or mexanizmlarni hayotga tatbiq etish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi. Qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 4-apreldagi tegishli farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Xo‘sh, bunday hujjatning qabul qilinishiga qanday ob’ektiv ehtiyoj paydo bo‘lgan edi?
Ma’lumki, har qanday davlatning raqobatbardoshligi uning ilmiy-innovatsion salohiyati bilan chambarchas bog‘liq. So‘nggi yillarda mamlakatimizda oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida ko‘plab izlanishlar olib borilib, salmoqli natijalar, yangi ishlanmalar yaratilmoqda. Biroq amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, ilmiy yangiliklarni bevosita bozorga olib chiqish, ularni tijoratlashtirish va tayyor mahsulot yoki xizmatga aylantirishda ma’lum bir byurokratik hamda moliyaviy to‘siqlar saqlanib qolayotgan edi. Olimlar o‘z kashfiyotlarini iqtisodiy foyda keltiradigan biznes loyihaga aylantirish mexanizmiga yetarlicha ega emasligi, ilmiy muassasalarning esa moliyaviy mustaqilligini oshirish orqali yangi ishlanmalarni rag‘batlantirish tizimini kengaytirish zarurati mazkur qarorning qabul qilinishini taqozo etdi. Hujjat aynan ilmiy xodimlar va oliygohlarga o‘zlarining innovatsion mahsulotlari asosida mustaqil xo‘jalik jamiyatlarini ochish imkonini berish orqali shu bo‘shliqni to‘ldiradi.
Xalqaro tajriba va jahon amaliyotiga nazar tashlasak, rivojlangan davlatlar: AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Janubiy Koreya va Singapur tajribasi shuni ko‘rsatadiki, universitetlar qoshida “spin-off” (spin-off) korxonalarining tashkil etilishi innovatsion iqtisodiyotning lokomotivi hisoblanadi. Masalan, AQSHdagi mashhur Stenford yoki Massachusets texnologik instituti misolida ko‘radigan bo‘lsak, oliygoh laboratoriyalarida yaratilgan ilmiy kashfiyotlar tezkorlik bilan “spin-off” kompaniyalarga aylantiriladi va venchur kapitali hisobidan moliyalashtiriladi. Bunday tizim bir vaqtning o‘zida uchta katta yutuqni beradi: birinchidan, ilm-fan o‘zini-o‘zi moliyalashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi; ikkinchidan, yangi yuqori texnologik ish o‘rinlari yaratiladi; uchinchidan esa, davlat iqtisodiyoti yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar hisobiga jadal o‘sadi. Vazirlar Mahkamasining qarori bilan O‘zbekistonda ham aynan shunday ilg‘or xalqaro amaliyotning huquqiy poydevori mustahkamlandi.
Qarorga muvofiq, oliy ta’lim tashkilotlari va ilmiy tashkilotlar muassisligida xo‘jalik jamiyati shaklida yangi ishlanmalarga asoslangan “spin-off” korxonalarini tashkil etish tartibi joriy etildi. Shu bilan birga, Ta’lim va ilm-fan vazirligi tomonidan ikki oy muddatda yangi ishlanmalarga asoslangan “spin-off” korxonalari reyestri hamda ilmiy va innovatsion faoliyatni yurituvchi sub’ektlarning reyestri maxsus axborot tizimida yuritilishi ta’minlanadi.
Agentlik “spin-off” korxonalari faoliyatini muvofiqlashtiradi, yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish asosida ishlab chiqarilgan mahsulot va xizmatlarni xarid qilish esa iqtisodiyot sohalarini tartib soluvchi qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishga tayyorlash loyihalari Innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan muntazam ravishda o‘tkaziladigan tanlovlar orqali moliyalashtiriladi. Bunda asosiy tanlovlar Ta’lim va ilm-fan vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlantirish agentligi tomonidan o‘tkaziladi.
Ilmiy ishlanmalarni tijoratga olib chiquvchi tadbirkorlar va korxonalar uchun jiddiy moliyaviy yengilliklar nazarda tutilgan. Xususan, patentsiz ilmiy ishlanmalar asosida tovar ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ygan korxonalarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-iyundagi tegishli farmonida ko‘zda tutilgan imtiyoz va preferensiyalar (soliqdan tashqari) tatbiq etiladi.
Ilmiy tadqiqot natijasida yaratilgan patentsiz ilmiy ishlanmalar asosida tovar ishlab chiqarishni (xizmat ko‘rsatishni) yo‘lga qo‘ygan korxonalar 2026-yil 1-maydan 2029-yil 1-maygacha bo‘lgan davr uchun foyda solig‘ini belgilangan soliq stavkasidan 50 foiz pasaytirilgan stavkada to‘laydi.
Ahamiyatlisi, ushbu tizimning joriy etilishi soha vakillari uchun bir qator afzalliklarga ega. “Spin-off” korxonasining olgan sof foydasi davlat ulushi bo‘yicha dividendga yo‘naltirilmasdan, korxonaning ustav fondidagi davlat ulushini oshirish orqali bevosita qayta investitsiya qilinishi mumkin. Bu korxonaning o‘z mablag‘lari hisobidan yanada kengayishi va oyoqqa turib olishini kafolatlaydi. “Spin-off” korxonalari faoliyat natijalari ularni tashkil etgan muassislarning asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlaridan biri sifatida e’tirof etilishi belgilandi. Bu esa mas’ullarning mazkur jarayonga chinakam manfaatdorlik va jiddiy yondashuvini ta’minlaydi. Shuningdek, olimlar o‘z ilmiy ishlari orqali nazariy natija bilan birga, aniq moliyaviy daromad va biznes muhitida o‘z o‘rniga ega bo‘lish imkoniyatiga erishadi.
Xulosa qilib aytganda, Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori ilmiy tadqiqotlarni iqtisodiyotning real sektori bilan bog‘laydigan, innovatsion g‘oyalarni amaliy biznesga aylantiruvchi va mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiluvchi muhim hujjatdir.
Mohigul Qosimova, O‘zA