«Yil o‘qituvchisi» tanlovi g‘oliblari aniqlandi
Pedagoglar o‘rtasida ilk bor o‘tkazilgan «Yil o‘qituvchisi» tanlovi yakunlandi. Tanlov natijalariga ko‘ra, respublikadagi 208 ta tuman va shahar bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan pedagoglar aniqlandi.
Mazkur tanlovda respublika bo‘yicha 46 mingdan ortiq pedagog ishtirok etdi. Kasbiy bilim va mahoratini namoyon etgan ishtirokchilar orasidan 208 nafar pedagog o‘z hududida birinchi o‘rinni egallab, tanlov g‘olibiga aylandi.
Har bir tuman va shahar bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan pedagogga bazaviy hisoblash miqdorining 1 400 baravari, ya’ni 616 million so‘m miqdorida pul mukofoti beriladi.
Tanlov pedagoglarning kasbiy salohiyatini namoyon etish, ularning ilg‘or tajribasini ommalashtirish va mehnatini munosib rag‘batlantirishga qaratilgan. Shuningdek, unda o‘qituvchilarning ta’lim jarayonidagi zamonaviy yondashuvlari, kasbiy mahorati va faoliyati natijalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, bunday tanlovlar pedagoglarning kasbiy rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar yaratish bilan birga, ta’lim sohasida samarali tajribalarni keng ommalashtirishga ham xizmat qiladi.
«Yil o‘qituvchisi» tanlovi g‘oliblarining to‘liq ro‘yxati Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining telegram kanalida e’lon qilingan. Unda 208 ta tuman va shahar bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan pedagoglar haqida ma’lumotlar keltirilgan.
N.Usmonova,
O‘zA