Qonliko‘ldagi o‘rganishlar deputatlar diqqat markazida
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov boshchiligidagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi muammolarini o‘rganish, islohotlarning joylardagi ijrosini tahlil qilish va mavjud masalalarni hal etish bo‘yicha ishlari davom etmoqda.
Navbatdagi o‘rganishlar Qonliko‘l tumanida o‘tkazilib, unda hududdagi ishlab chiqarish korxonalari faoliyati, tadbirkorlar uchun yaratilgan sharoitlar, ijtimoiy xizmatlar samaradorligi, qishloq xo‘jaligidagi yangi yondashuvlar hamda aholi bandligini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.
O‘rganishlar davomida dastlab “Kanteks Invest” mas’uliyati cheklangan jamiyatidagi ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishildi. Yiliga 10 ming tonna paxta tolasidan ip-kalava ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mazkur korxonada ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish, mehnat sharoitlari, yangi ish o‘rinlari yaratish va korxona faoliyatini yanada kengaytirish imkoniyatlari o‘rganildi.
Muloqot jarayonida korxona vakillari tomonidan ishlab chiqarishda foydalanilayotgan xomashyoning sifati bilan bog‘liq masala ko‘tarildi. Xususan, birjaga chiqarilayotgan paxta tolasiga berilgan sifat sertifikatida “1-sort oliy navli” deb ko‘rsatilgan mahsulot laboratoriya tekshiruvlarida mazkur talablarga to‘liq javob bermayotgani, shuningdek, 2-, 3- va 4-sort paxta mahsulotlarini sotish bilan bog‘liq qiyinchiliklar mavjudligi bildirildi.
Mazkur masala yuzasidan tegishli idoralarga so‘rovlar kiritish va muammoning sabablarini o‘rganish bo‘yicha choralar belgilab olindi. Bu kabi masalalarning joyida o‘rganilishi ishlab chiqaruvchilar manfaatlarini himoya qilish, mavjud to‘siqlarni aniqlash va ularga qonuniy yechim topishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan o‘rnatilgan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilayotgan ortiqcha elektr energiyasini sotish masalasi ham muhokama qilindi. Amaldagi tartibdan kelib chiqib, tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan ortiqcha elektr energiyasini xarid qilishda aholi uchun qo‘llanilayotgan yagona va adolatli tarif mexanizmlarini joriy etish masalasi bo‘yicha tegishli idoralarga taklif hamda tavsiyalar kiritish belgilandi.
Qonliko‘l tumanidagi yirik ishlab chiqarish sub’ektlaridan yana biri “LAN-C” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ham bo‘lib, qizilmiya ekstrakti ishlab chiqarish jarayoni, korxonada yaratilgan mehnat sharoitlari va ishchilar faoliyati bilan tanishildi. Tadbirkorlik sub’ekti vakillari hamda mehnat jamoasi bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ularning taklif va fikrlari eshitildi.
Muloqotda tadbirkorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, berilayotgan imtiyoz va yengilliklar, ishlab chiqarishni kengaytirish uchun mavjud sharoitlar xususida fikr almashildi. Bunday ochiq muloqotlar orqali tadbirkorlarni qiynayotgan masalalarni bevosita joyida eshitish va ularni tegishli tashkilotlar bilan birgalikda hal etish imkoniyati yaratilmoqda.
O‘rganishlar davomida aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi faoliyati misolida ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar holati ko‘rib chiqildi.
Bugungi kunda markaz tizimida aholiga ijtimoiy xizmat ko‘rsatishni raqamlashtirish va qulaylashtirish maqsadida 25 dan ortiq platforma ishga tushirilgan bo‘lib, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi uchun 132 turdagi ijtimoiy xizmat yo‘lga qo‘yilgan. O‘rganish jarayonida mazkur xizmatlarning aholiga yetib borishi, ehtiyojmand qatlamni qamrab olish darajasi va manzilli yondashuv masalalariga e’tibor qaratildi.
Tumanda qishloq xo‘jaligida yangi va yuqori daromadli yo‘nalishlarni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham o‘rganildi. “Arzimbetqum” ovulida M.Aralbayev rahbarlik qilayotgan “Yer oltin xazinam” fermer xo‘jaligi faoliyati bilan tanishildi.
Mazkur fermer xo‘jaligida an’anaviy ekinlar bilan bir qatorda godji, malina kabi noyob mevali ekinlar hamda dorivor o‘simliklar parvarishlanmoqda. Shuningdek, pomidorning yangi navlarini sinov tariqasida yetishtirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Bu tajriba hududning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, yuqori daromad keltiruvchi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish imkoniyatlarini kengaytirish nuqtai nazaridan o‘rganildi. Ayniqsa, fermer va dehqon xo‘jaliklarida yangi ekin turlarini joriy etish, mahsulot turini ko‘paytirish va qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish masalalariga e’tibor qaratildi.
Shu yo‘nalishda Qonliko‘l, Shumanay va Qo‘ng‘irot tumanlaridagi fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirokida avgust-sentabr oylarida piyoz va sarimsoqpiyoz, shuningdek, to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlarini ekishni tashkil etish bo‘yicha amaliy seminar ham o‘tkazildi.
Unda aholi tomorqalari, bog‘ qator oralari va dala chetlaridan samarali foydalanish, kartoshka, piyoz, sarimsoqpiyoz hamda to‘qsonbosti ekinlarini o‘z vaqtida ekish bo‘yicha tavsiyalar berildi. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston fermerlari kengashi tomonidan qabul qilingan Murojaatnoma mazmun-mohiyati ishtirokchilarga tushuntirilib, unda belgilangan imtiyozlar, tavsiyalar va fermer hamda tomorqa yer egalari zimmasidagi vazifalar haqida ma’lumot berildi.
Joylardagi o‘rganishlarning yana bir muhim yo‘nalishi – aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq amaliy ishlar bo‘ldi.
Xususan, “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida Qonliko‘l tumanida 6 nafar fuqaroning doimiy ish bilan ta’minlanishiga ko‘maklashildi. Ijtimoiy ko‘makka muhtoj 7 ta oilaga jami 14 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari va zaruriy uy-ro‘zg‘or jihozlari yetkazib berildi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi band qilishi va mustaqil daromad manbaini yaratishi uchun 4 nafar fuqaroga zarur asbob-uskunalar berildi. Bu esa ularga mavjud kasb va ko‘nikmalarini daromad manbaiga aylantirish, faoliyatini yo‘lga qo‘yish va oilaviy daromadini oshirish imkonini bermoqda.
Alohida ehtiyojga ega fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 3 nafar fuqaroga eshitish moslamasi, 2 nafar fuqaroga nogironlar aravachasi va yana 2 nafar fuqaroga nogironlar hassasi topshirildi. Shuningdek, salomatligini tiklash va sog‘lomlashtirishga ehtiyojmand 3 nafar fuqaroga sanatoriylarda davolanish uchun bepul yo‘llanmalar ajratildi.
Umuman, Qonliko‘l tumanida o‘tkazilgan o‘rganishlar ishlab chiqarish va tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashdan tortib, ijtimoiy himoya, aholi bandligi va qishloq xo‘jaligida yangi imkoniyatlarni ishga solishga qadar bo‘lgan masalalarni qamrab oldi.
Muhimi, tadbirlar jarayonida nafaqat mavjud holatga baho berildi, balki aniqlangan muammolar bo‘yicha tegishli tashkilotlarga taklif va tavsiyalar kiritish, ularning ijrosini nazoratga olishga qaratilgan choralar ham belgilandi. Bu esa deputatlik nazoratini joylardagi real ehtiyojlar bilan uyg‘unlashtirish, aholi va tadbirkorlarning murojaatlariga amaliy yondashish hamda islohotlarning natijadorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Zero, deputatning joylardagi faoliyati avvalo odamlarning hayoti, tadbirkorning ishi, fermerning yerdagi mehnati va har bir oilaning ehtiyojini bevosita o‘rganishdan boshlanadi. Qonliko‘ldagi o‘rganishlar ham shu maqsad – mavjud imkoniyatlarni ishga solish, muammolarni aniqlash va ularga amaliy yechim topishga qaratildi.
[gallery-31515]
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat),
O‘zA muxbirlari