Turkiyadagi o‘zbeklar ezgulik harakatini rivojlantirmoqda
Istanbul shahrida o‘zbekistonliklar tomonidan tashkil etilgan Nogiron va muhtoj bolalarga yordam va hamjihatlik xalqaro tashkiloti ikki yildan buyon samarali faoliyat yuritmoqda.
Tashkilotning “Yaxshilik harakati” doirasida navbatdagi manzil Bursa shahri bo‘ldi. Faollar bu yerda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashib, ular orqali ehtiyojmand oilalar sharoitini o‘rgandi, muammolarni aniqlab, ko‘pchilikka zarur yordam ko‘rsatdi.
Jarayonda Bursa o‘zbeklari ham muhim o‘rin tutmoqda. Ular tashkilot faollari bilan aloqa o‘rnatib, o‘z atrofidagi oilalar haqida ma’lumot to‘plash, mavjud ehtiyojni aniqlashda ishtirok etmoqda.
Ha, Istanbulda boshlangan tashabbus boshqa shaharlarda yashayotgan vatandoshlarimizni ham birlashtirib, amaliy yordam tarmog‘ini shakllantirmoqda. Mazkur jarayonning yana bir ahamiyatli tomoni o‘zbeklarning Turkiya ijtimoiy hayotida faollashib borayotganidir. Ular jamiyat rivojiga hissa qo‘shish barobarida insonparvarlik va o‘zaro yordam muhitini kuchaytirishga ham harakat qilyapti.
Tashkilot faoliyati Turkiya bilan cheklanmaydi. Joriy yil bahorida Samarqand shahrida faoliyat yurituvchi “Imon” nodavlat notijorat tashkiloti bilan hamkorlik memorandumi imzolangan. Ushbu bitimdan ko‘zlangan maqsad ijtimoiy va xayriya yo‘nalishida hamkorlik qilish, ehtiyojmand bolalar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash, tajriba almashish hamda qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirishdir.
Nodira Qayumova, O‘zA