Xitoy bojxona ma’muriyati vakillari – Samarqandda
Xitoy Xalq Respublikasining bosh bojxona ma’muriyati delegatsiyasi Samarqandda bo‘lib, viloyatda oziq-ovqat hamda fitosanitariya nazoratini ta’minlash yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Jumladan, mehmonlar Samarqand tumanidagi “AGRO MIR” korxonasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash jarayonlarini ko‘zdan kechirdi. Ularga korxonaning o‘z xo‘jaliklarida yetishtiriladigan meva-sabzavotlarni oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlagan holda qayta ishlash, mahsulotlarni zamonaviy texnologiyalar asosida saralash va tayyor holga keltirish, konservalar hamda tabiiy sharbatlar ishlab chiqarish quvvatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Tumandagi “Navobod naslli parranda” korxonasida bo‘lgan xitoylik bojxonachilar bu yerda uzumni xomashyo holatidan yuqori qiymatli mahsulotga aylantirish, mayiz tayyorlash, saralash, quritish, saqlash va qadoqlash jarayonlari bilan tanishdi. “Daladan dasturxongacha” tamoyili asosida mahsulot yetishtirish va tayyorlash bosqichlari ko‘rsatib berildi.

Shuningdek, mahsulot xavfsizligini ta’minlashda muhim bo‘lgan fumigatsiya tadbirlarini belgilangan tartibda o‘tkazish, zararkunandalar tarqalishining oldini olish va eksport qilinadigan mahsulotlarga nisbatan fitosanitar talablarning bajarilishini nazorat qilish mexanizmlari tushuntirildi.

Ta’kidlash lozim, O‘zbekiston mayiz eksporti bo‘yicha dunyoda yettinchi o‘rinda turadi. Yuqori qiymatli mahsulot mamlakatimizning deyarli barcha viloyatlarida yetishtiriladi.
Mehmonlar O‘zbekistonda mahsulot xavfsizligini ta’minlash va eksportga tayyorlash jarayonlarini bevosita korxonalarda ko‘rish imkoniyati yaratilgani ikki tomon uchun eksport talablari, fitosanitariya nazorati va mahsulot xavfsizligi bo‘yicha yondashuvlar bilan tanishish, ilg‘or tajribalarni joriy etish, tajriba almashishga xizmat qilishini ta’kidladi. Bu esa kelgusida O‘zbekistondan Xitoyga qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilishda texnik masalalarni muvofiqlashtirish, talablarni to‘g‘ri bajarish va korxonalarni eksport bozorlariga tayyorlash jarayonlarini yanada takomillashtirish uchun muhim amaliy asos bo‘ladi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri