Yangi Oʻzbekistonda yoshlar siyosati: bilim va tashabbusni jamiyat manfaatiga yoʻnaltirgan yosh huquqshunos
Yangi O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida yoshlarning sifatli ta’lim olishi, xalqaro tajriba orttirishi va jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Davlat grantlari, stipendiyalar va xalqaro akademik dasturlar yoshlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, yoshlarni volontyorlik, huquqiy targ‘ibot va ijtimoiy tashabbuslarga jalb etish orqali ularning bilim va tajribasini jamiyat manfaatiga yo‘naltirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bunday imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan yoshlardan biri huquqshunos Sharafiddin Eshboyevdir. U talabalik yillarida ta’lim olish bilan bir qatorda, huquqiy savodxonlikni oshirish, aholiga bepul yuridik yordam ko‘rsatish va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslarda faol ishtirok etdi.
Xususan, 2024-yilda Adliya vazirligi va Toshkent davlat yuridik universiteti hamkorligida amalga oshirilgan “Islohotlarda daxldorman!” loyihasida qatnashib, yoshlar o‘rtasida huquqiy targ‘ibot ishlarini olib bordi. Loyihaning respublika bosqichida 400 nafardan ortiq talabgor orasidan saralangan 76 nafar talaba qatorida Sharafiddin ham mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmuni va yoshlarga yaratilgan imkoniyatlarni tengdoshlariga tushuntirishda ishtirok etdi.
“Tengdoshdan tengdoshga” tamoyili asosida tashkil etilgan uchrashuvlarda bandlik, oliy ta’lim, tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish masalalariga e’tibor qaratildi. Respublika bo‘ylab loyiha doirasida 259 ta uchrashuv o‘tkazilib, 30 mingdan ortiq aholi, asosan yoshlar qamrab olindi.
Uning ijtimoiy faoliyati huquqiy targ‘ibot bilan cheklanib qolmadi. Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi a’zosi sifatida ko‘plab fuqarolarga bepul huquqiy maslahatlar berdi. Shuningdek, “HuquqPlus.uz” loyihasi doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslarga birlamchi yuridik yordam ko‘rsatish tashabbuslarida qatnashdi. Bir yil davomida birinchi kurs talabalariga mentorlik qilib, ularning ta’lim jarayoniga moslashishi va bilimlarini oshirishiga ko‘maklashdi.
Yoshlarga yaratilayotgan ta’lim imkoniyatlari Sharafiddinning xalqaro akademik tajribasida ham o‘z ifodasini topdi. U 2025-yilda Toshkent davlat yuridik universitetining Jinoyat odil sudlovi fakultetini imtiyozli diplom bilan tamomladi. Akademik yutuqlari uchun 2024–2025-o‘quv yilida Alisher Navoiy nomidagi davlat stipendiyasiga sazovor bo‘ldi.
Keyinchalik Erasmus dasturi orqali Polshaning Gdansk universitetida tahsil olib, qiyosiy xalqaro va Yevropa huquqi bo‘yicha bilimlarini oshirdi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi “Young Anti-Corruption Expert” dasturini tamomladi. Akademik yutuqlari uchun 38 ming AQSh dollari miqdoridagi stipendiyani qo‘lga kiritgan yosh huquqshunos 2026-yilda AQShning Pensilvaniya shtat universitetida huquq magistri — LL.M. darajasini oldi.

Sharafiddin Eshboyevning faoliyati yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar ta’lim, xalqaro tajriba va ijtimoiy mas’uliyatni birlashtirishga xizmat qilayotganini ko‘rsatadi. Bugun yoshlar xorijiy ta’lim muassasalarida zamonaviy bilimlarni egallash bilan birga, volontyorlik va huquqiy tashabbuslar orqali jamiyat hayotida ham faol ishtirok etmoqda.
Xalqaro tajribaga ega, tashabbuskor va ijtimoiy mas’uliyatni his qiladigan yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash mamlakatning intellektual salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Sharafiddinning ta’lim va jamoatchilik faoliyati bilimni jamiyat manfaatlari yo‘lida qo‘llash yoshlar kamolotining muhim jihatlaridan biri ekanini namoyon etadi.