Nazorat shaffofligi: Korrupsiyaga qarshi raqamli qurilmalar joriy etildi
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tizimida davlat sanitariya nazorati jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish hamda fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan tadbir tashkil etildi.
Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillariga nazorat jarayonlarini raqamlashtirish maqsadida xarid qilingan 725 ta planshet va 725 ta maxsus bodi-kameraning vazifalari, ulardan foydalanish tartibi va amaliy imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.

– Mazkur qurilmalarni joriy etishdan asosiy maqsad – tekshiruv jarayonlarini xolis va shaffof tashkil etish, aniqlangan huquqbuzarliklarni elektron rasmiylashtirish, nazorat tadbirlarida inson omili bilan bog‘liq xavflarni kamaytirish hamda korrupsiyaviy holatlarning oldini olishdan iborat, – dedi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov. – Eng asosiysi, bunday zamonaviy raqamli texnologiyalar nazorat jarayonidagi har qanday tushunmovchiliklarning oldini olib, tadbirkorlarning haqli e’tirozlari kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymaydi va munosabatlarda to‘laqonli ochiqlikni ta’minlaydi.
Tadbir davomida maxsus bodi-kameralarning nazorat jarayonidagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu qurilmalar xodimlarning tekshiruv davomida amalga oshirgan harakatlarini audio-video yozuv orqali qayd etish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizoli vaziyatlarga oydinlik kiritish hamda nazorat tadbirlarining xolisligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Ishlab chiqilgan nizom loyihasida bodi-kameralarni taqish, ulardan foydalanish, yozib olingan ma’lumotlarni maxsus serverga uzatish va saqlash tartiblari belgilangan. Jumladan, audio-video yozuvlarni saqlash muddati bir yil etib nazarda tutilgan.
Xarid qilingan planshetlar orqali nazorat jarayonida aniqlangan huquqbuzarliklarga oid ma’lumotlarni «E-ma’muriy ish» axborot tizimiga kiritish va tegishli hujjatlarni elektron shaklda rasmiylashtirish ko‘zda tutilgan.

Bu jarayonda huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tizimga kiritish, ma’muriy bayonnomalarni shakllantirish hamda tegishli hujjatlarni vakolatli bo‘linmalarga yuborish imkoniyati yaratiladi. Natijada hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonining izchilligi va hisobdorligini oshirishga erishiladi.
Bodi-kamera va planshetlardan foydalanish, ularning texnik sozligini ta’minlash, qayd etilgan ma’lumotlarni saqlash va ulardan foydalanish tartibini belgilash tartibi ishlab chiqildi.

Unda qurilmalardan foydalanish qoidalari, ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlash, texnik nosozliklar yuzaga kelganda ko‘riladigan choralar hamda xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishdagi mas’uliyati nazarda tutilgan.
Qurilmalardan foydalanish bo‘yicha xodimlar maxsus o‘quv tayyorgarligidan o‘tkazildi. Bugungi kunda qurilmalarni hududlar kesimida taqsimlash va ulardan foydalanishni tashkil etish ishlari amalga oshirilmoqda.

Tadbir yakunida jurnalistlar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish, yangi texnologiyalarning nazorat jarayonlaridagi ahamiyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Mazkur tashabbus nazorat jarayonlarida ochiqlik va hisobdorlikni kuchaytirish, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish hamda fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.
Mohigul Qosimova,
O‘zA