Boyovutda chiqindilarni qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi
Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida maishiy chiqindilarni ekologik xavfsiz qayta ishlash, ulardan samarali foydalanish va muqobil energiya ishlab chiqarishga qaratilgan innovatsion loyiha amalga oshiriladi. Janubiy Koreyaning KECC Holding Group va Geotech Engineering-Design Group kompaniyalari bilan hamkorlikda ilgari surilayotgan mazkur tashabbus hududda ekologik muammolarni kamaytirish va energetika salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Tuman hokimi Niyoz Hazratqulov va xorijiy kompaniyalar vakillari o‘rtasidagi uchrashuvda chiqindilarni saralash va qayta ishlash tizimini joriy etish, poligonda chiqindilarning biologik parchalanishi natijasida hosil bo‘ladigan gazdan elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Loyihaning muhim jihati shundaki, chiqindilarni boshqarish jarayonida atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish bilan birga, ulardan qo‘shimcha energetik resurs sifatida foydalanish ko‘zda tutilgan. Xususan, poligonda to‘planadigan gazni maxsus tizim orqali yig‘ish va generatorlar yordamida elektr energiyasiga aylantirish rejalashtirilgan. Bu yondashuv chiqindilardan oqilona foydalanish, zararli gazlarning atmosferaga chiqishini cheklash va muqobil energiya manbalarini rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega.

— Chiqindilarni qayta ishlash va ulardan energiya olishga qaratilgan loyihalar tumanimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va mavjud resurslardan samarali foydalanish uchun muhim imkoniyatdir. Xorijiy hamkorlar bilan birgalikda ushbu yo‘nalishdagi takliflarni puxta o‘rganish, ilg‘or tajribani tatbiq etish va loyihani amalga oshirishning maqbul mexanizmlarini ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratamiz, — dedi tuman hokimi Niyoz Hazratqulov.
Muzokaralar davomida loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish, chiqindilarni saralash va qayta ishlash tizimini tashkil etish, shuningdek, poligon gazidan elektr energiyasi ishlab chiqarish bilan bog‘liq masalalarni bosqichma-bosqich hal etish bo‘yicha fikr almashildi. Shu bilan birga, hududdagi irrigatsiya kanallari asosida kichik gidroelektr stansiyalarini barpo etish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.

Loyiha to‘liq amalga oshirilishi natijasida chiqindilarni boshqarish samaradorligini oshirish, atrof-muhit muhofazasini kuchaytirish, muqobil energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yuzaga kelishi kutilmoqda. Mazkur tashabbus Boyovut tumanida ekologik xavfsizlik va resurslardan oqilona foydalanishni uyg‘unlashtirgan zamonaviy yondashuvlarni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri