Xitoy harbiy maqsadda gumanoid-robot yaratmoqda
Pekin gumanoid-robot ishlab chiqarish jarayonini faol rivojlantirib, bunday mahsulotlarni harbiy maqsadda qo‘llash rejasini tuzmoqda. Bu haqda "Reuters" xabar tarqatgan.
O‘tgan oy Chin diyorida bo‘lib o‘tgan Jahon gumanoid robot o‘yinlarida mashinalar yugurish, boks, sakrash va raqsga tushish kabi turfa qobiliyat namoyish etgani ta’kidlangan. Musobaqadan ko‘p o‘tmay, Xitoy Xalq Ozodlik armiyasi rasmiy gazetasi robot texnologiyasini laboratoriyadan harbiy o‘quv maydoniga ko‘chirishni tezlashtirishga chaqirdi.
Ta’kidlanishicha, harbiylar razvedka, qorovullik, xavfli hududda ishlash – bino, yer osti yo‘li kabi qiyin muhitda vazifa bajarish uchun temir odam imkoniyatini o‘rganyapti. Shunday bir tadqiqotda robotning quruqlik qo‘shini tarkibida inshootga hujum qilishi, qavat va xonalarni tekshirishda ishtirok etishi nazarda tutilgan. Mualliflar fikricha, ayni texnologiya keyingi besh-o‘n yil ichida amaliyotga tatbiq etilishi mumkin.
Xitoy allaqachon ko‘plab gumanoid-robot ishlab chiqarmoqda. “BofA Global Research” ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil Chin kompaniyalari dunyo bo‘ylab shunday mashina yetkazib berish miqdorining taxminan 95 foizini qoplagan.
Mudofaa kompaniyalari ham gumanoid ishlab chiqmoqda. Masalan, davlatga qarashli “Norinco” konserni xavfsizlik, razvedka, qo‘riqchilik va boshqa ayrim missiyalar uchun mo‘ljallangan “Fuxi” robotini taqdim etdi. Robotni masofadan turib boshqarish to‘liq alohida qaror qabul qilish zaruratini kamaytiradi.
S.Rahimov, O‘zA