Zelenskiy samolyoti Moldovada dron xavfi tufayli kechiktirildi (+video)
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning samolyoti Moldovadan Norvegiyaga uchib ketayotganida dron bilan to‘qnashib ketishiga sal qoldi, dedi Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styore. Bu haqda DW nashri xabar qildi.
«Uning samolyoti Moldovadan uchishi kerak bo‘lgan paytda dron bilan to‘qnashib ketishiga sal qoldi, — dedi Styore. Biroq u bu ma’lumotni qayerdan olganini aytmadi. Shuningdek, dron samolyotga tasodifan yaqinlashganmi yoki Zelenskiyga qarshi qasddan qilingan harakat bo‘lganmi, bu ham aniq emas.
Norvegiya bosh vaziri idorasi Styorening so‘zlariga aniqlik kiritdi: «Kecha Moldova havo hududida dronlar bilan bog‘liq xavf yuzaga kelgan va bu Zelenskiyning Osloga uchishini kechiktirgan. Bunday xavfga u deyarli har kuni duch keladi. Dronlar uning samolyotiga qanchalik yaqin bo‘lgani noma’lum».
Ukrainalik yuqori lavozimli amaldor DW telekanaliga ma’lum qilishicha, Zelenskiyning samolyoti Kishinyovdan uchishni kutayotgan paytda Rossiyaga tegishli reaktiv dron Moldova havo hududiga kirgan. Shundan so‘ng Zelenskiyning uchishi kechiktirilgan, boshqa reyslar ham vaqtincha to‘xtatilgan.
Volodimir Zelenskiy 8-sentabr kechqurun Moldovadan Osloga borgan. U yerda Norvegiya qiroli Harald V ning dafn marosimida qatnashgan. Marosimdan so‘ng Ukraina prezidenti Norvegiya bosh vaziri bilan uchrashgan. Norvegiya hukumatining ularning muzokaralari haqidagi rasmiy xabarida dron bilan bog‘liq hodisa tilga olinmagan.
9-sentabr kuni Moldova politsiyasi qulagan dron topilganini ma’lum qildi. Dron yerga urilganda portlash sodir bo‘lgan va katta chuqurlik hosil qilgan. Dron ichida metall sharchalar ko‘rinishidagi zarar yetkazuvchi elementlar bo‘lgan. Jabrlanganlar haqida ma’lumot berilmagan.
Mahalliy ma’muriyatning ma’lum qilishicha, 9-sentabrga o‘tar kechasi Rossiya dronlari Odessa viloyatida, Moldova chegarasi yaqinida joylashgan xalqaro avtomobil nazorat-o‘tkazish punktiga hujum qilgan. Zelenskiy Osloga uchib ketgan aeroport ushbu chegara punktidan taxminan 160 km uzoqlikda joylashgan.
Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA