O‘zbekistonda davlat tibbiy sug‘urtasi islohoti: besh yillik sarhisob va kelguci ustuvor vazifalar
Toshkentda sog‘liqni saqlash sohasini moliyalashtirish va davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan nufuzli xalqaro konferensiya ish boshladi.
Ikki kunga mo‘ljallangan ushbu anjuman Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC) hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) ko‘magida tashkil etildi. Prezident Administratsiyasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, shuningdek Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST), Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Xalqaro mehnat tashkiloti, YUNISEF, JICA kabi xalqaro tuzilmalar hamda Shveysariya va Germaniya elchixonalari vakillari ishtirok etayotgan tadbirga Litva, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Hindiston va Yaponiyadan 120 ga yaqin mutaxassis, ekspert ham kelgan.
Konferensiyaning ochilish marosimida aholi, xususan bemorlarga yaratilayotgan zamonaviy sharoit, tiklash xizmati tizimini kengaytirish, uzluksiz tibbiy yordam ko‘rsatishda tibbiy sug‘urtaning ahamiyati ta’kidlandi. Sohadagi islohot, erishilgan natijalar va bemorlarga yaratilgan imkoniyatlar aks etgan maxsus video lavha namoyish etildi. Xorijiy davlatlar elchixonalari hamda OTB vakillari ham mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar bo‘yicha fikr, mulohaza bildirdi.
Birinchi kun dasturiga ko‘ra, so‘nggi besh yilda erishilgan yutuqlar e’tirof etildi. Mamlakatimizda ushbu tizimga o‘tish Prezidentning 2020-yil 12-noyabrdagi qarori bilan Sirdaryo viloyatidagi 28 tibbiyot muassasasida tajriba-sinov tariqasida boshlangan. Davlatimiz rahbari tomonidan 2021-yil tasdiqlangan qaror asosida imtiyozli toifadagi fuqarolarga yuqori texnologiyali tibbiy yordam ko‘rsatish xarajati byudjetdan qoplana boshlandi. Mazkur tartib 2024-yil Toshkent shahri va bir necha viloyat, 2025-yil yana 15 tumanda joriy etildi. 2026-yilga kelib esa Samarqand viloyatining barcha tuman va shaharlari to‘liq qamrab olindi. Shu tariqa tibbiy sug‘urta qisqa fursatda butun mamlakat miqyosidagi muhim davlat islohotini namoyon etdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan taqdirlangan soha rivoji va islohot jarayoniga munosib hissa qo‘shib kelayotgan xalqaro tashkilotlar rahbar xodimlariga tegishli mukofotlar tantanali tarzda topshirildi. Ertaga anjuman doirasida 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar hamda xalqaro tajribani amaliyotga tatbiq etish masalalari muhokama qilinadi.
[gallery-31345]
Fardona Yaxshiboyeva,
Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA