Xalqaro kuzatuvchilar hududiy saylov komissiyasida bo‘ldi
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi missiyasi rahbari Duglas Ueyk Xorazm viloyati hududiy saylov komissiyasida bo‘lib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdi.
YeXHTning DIIHB missiyasi rahbari Ueyk Duglas hamda uzoq muddatli xalqaro kuzatuvchilari Voldemar Uruba va Kristina Bogdanovaga viloyatda saylovga tayyorgarlik doirasida amalga oshirilgan ishlar, 553 ta saylov uchastkasi tuzilib, komissiyalar tarkibi tasdiqlangani va ayni damda ularning barchasi saylov o‘tkazish uchun tayyor bo‘lib, muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari davom etayotgani haqida ma’lumot berildi. Xususan, muloqot davomida barcha saylov uchastkalariga muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish uchun saylovchilar umumiy sonining 10 foizi miqdorida saylov byulletenlari yetkazilganligi ham ta’kidlandi. Shuningdek, missiya rahbari hududiy, okrug, tuman va shahar va uchastka saylov komissiyalarining vazifalari, uchastkalarda jamoat xavfsizligini saqlash masalasi hamda hududiy saylov komissiyasi huzuridagi matbuot markazi faoliyati bilan ham qiziqdi.
– Men Xorazm viloyatida bo‘lib, hududiy saylov komissiyasi a’zolari bilan foydali uchrashuv o‘tkazganimdan juda xursandman, – deydi YeXHTning DIIHB missiyasi rahbari Ueyk Duglas. – Mening maqsadim O‘zbekistondagi saylov jarayonlari va xalqaro normalarni O‘zbekiston tomonidan qabul qilingan standartlar nuqtai nazaridan o‘rganish va kuzatishdir. Biz bu yerga O‘zbekiston hukumatining taklifi bilan keldik va maqsadimiz xolis baho berishdir. Biz saylov jarayoniga aralashmaymiz, lekin keyin yakuniy hisobotda O‘zbekistonga bo‘lajak saylovlarni yaxshilashga yordam berish uchun ba’zi tavsiyalar beramiz. O‘zbekistonning barcha viloyatlarida uzoq muddatli kuzatuvchilarimiz o‘z faoliyatini olib bormoqda. Ba’zi ekspertlar ma’lumotlarini poytaxtda Toshkent shahrida yig‘moqda. Saylov kuni esa 230 ga yaqin qisqa muddatli kuzatuvchi qatnashadi.
[gallery-19856]
Uchrashuv samimiy va do‘stona ruhda, savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi. Xalqaro kuzatuvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldi.
A.Shokirov, B,Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari