JST O‘zbekistonda bozor iqtisodiyotiga o‘tish bilan bog‘liq islohotlarni e’tirof etmoqda
Senatda “O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi jarayonlari va kutilayotgan amaliy natijalar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jahon savdo tashkiloti bo‘yicha vakili xizmati bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda senatorlar, vazirlik va idoralar vakillari, tahlil markazlari ekspertlari, OAV vakillari ishtirok etdi.
Prezidentning Jahon savdo tashkiloti bo‘yicha vakili va O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha bosh muzokarachisi Azizbek Urunov mamlakatimizning mazkur tashkilotga a’zo bo‘lishi jarayonlarining joriy holati, xalqaro muzokaralar natijalari, JSTga a’zo bo‘lishda tarmoqlar kesimida amalga oshirilayotgan transformatsiya jarayonlari bo‘yicha axborot berdi.

Xorijiy davlatlar bilan 40 dan ortiq muzokaralar raundi olib borildi, 34 dan ziyod davlatlar bilan muzokaralar yakunlandi, 70 dan ziyod milliy qonunchilik hujjatlari JST talablari va xalqaro me’yorlarga uyg‘unlashtirildi. Tashkilot qoidalariga uyg‘unlashtirish doirasida intellektual mulkni ro‘yxatga olish jarayonlari soddalashtirildi va ortiqcha eksport cheklovlari bekor qilindi.
JST a’zolari tomonidan O‘zbekistonda bozor iqtisodiyotiga o‘tish bilan bog‘liq jadal islohotlar amalga oshirilayotgani ijobiy e’tirof etilmoqda.
JSTga a’zo bo‘lish O‘zbekistonning tashqi savdo imkoniyatlarini kengaytirish, eksport salohiyati va investitsiyalar jalb etuvchanligini oshirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini kuchaytirishda muhim ahamiyatga ega ekani alohida ta’kidlandi.

Muhokamada JSTga a’zo bo‘lishning mamlakatimiz sanoat tarmoqlari va aholi bandligiga ta’sir qilishi mumkinligi xususida fikr yuritildi. Shuningdek, import raqobati sharoitida mahalliy ishlab chiqaruvchilar manfaatlarini himoya qilish, iqtisodiy kompensatsiya taqdim etish va maxsus himoya choralarini qo‘llash mexanizmlarini takomillashtirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Kichik va o‘rta biznesni yangi raqobat sharoitlariga moslashtirish, mahsulot sifatini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish va eksport bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi qonunchilikni JST qoidalari va xalqaro savdo standartlariga to‘liq muvofiqlashtirish ishlarini tizimli davom ettirish, tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki va ko‘p tomonlama muzokaralarni hamda a’zolikni rasmiylashtirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni yakunlash muhimligi ta’kidlandi.
N.Abduraimova,
O‘zA