“Bolalar uchun eng yaxshi badiiy asar” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
Bolalar va o‘smirlar uchun mazmunan boy, yosh xususiyatlariga mos va yuksak badiiy saviyadagi asarlarni yaratishni qo‘llab-quvvatlash, ularning o‘zbek tilida mutolaa qilishga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda iste’dodli mualliflarni rag‘batlantirish maqsadida «Bolalar uchun eng yaxshi badiiy asar» respublika ijodiy tanlovi tashkil etildi.
Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, Ta’lim va ilm-fan vazirligi hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamkorligida joriy yilning sentabr–oktabr oylarida o‘tkazilgan tanlovning taqdirlash marosimi yuksak saviyada bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda hamkor tashkilotlar rahbariyati va vakillari, pedagoglar hamda tanlov g‘oliblari ishtirok etdi.
Tanlovga ijodiy ishlar maxsus platforma orqali qabul qilindi. 15-sentabrga qadar jami 198 ta ijodiy ish kelib tushdi. Ularni baholash uchun 12 nafar mutaxassisdan iborat ekspertlar guruhi shakllantirildi. Ekspertlar asarlarning mazmun-mohiyati, badiiy saviyasi, bolalar va o‘smirlarning yoshiga mosligi hamda tanlov maqsadlariga muvofiqligini atroflicha o‘rgandi. Baholash jarayonida xolislik, mustaqillik va shaffoflik tamoyillariga amal qilindi.
Taqdim etilgan asarlar mavzularining rang-barangligi bilan ahamiyatli bo‘ldi. Ularda tabiat va atrof-muhitni asrash, tarixiy xotira, kelajak haqidagi orzu va tasavvurlar, o‘zlikni anglash hamda shaxsiy tanlov kabi muhim masalalar yoritildi. Bunday mavzular bolalarning dunyoqarashini kengaytirish, ularni atrofdagi voqea-hodisalar haqida mustaqil fikrlashga undashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Jumladan, tanlovga «Diqqat! Daraxt gapiradi», «Tarixning tirik izlari», «Kelajak sari bir qadam», «Kelajak noma’lum» va «O‘zimni tanladim» kabi asarlar taqdim etildi. Ekspertlar ularni baholashda nafaqat mavzuning dolzarbligi va mazmuniga, balki badiiy ifoda vositalari, voqealar rivojining izchilligi hamda asarning qaysi yosh toifasiga mo‘ljallanganiga ham alohida e’tibor qaratdi.
Ijodiy ishlar kitobxonlarning yosh xususiyatlaridan kelib chiqib, uchta yo‘nalishda saralandi: 6–10 yoshli bolalar uchun ertaklar, 11–14 yoshli bolalar uchun ertak va hikoyalar, 15–17 yoshli o‘smirlar uchun esa hikoyalar.
Tanlov yakuniga ko‘ra, ekspertlar xulosasi asosida 23 ta asar bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan adabiy to‘plamlarga kiritishga tavsiya etildi. Ushbu asarlar asosida turli yosh toifalariga mos uchta to‘plam shakllantirildi.
Badiiy adabiyot bolaning nafaqat bilim va tasavvurini boyitadi, balki uning fikrlash qobiliyati, nutqi va ma’naviy dunyosi shakllanishiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, yoshga mos, mazmunli va ravon tilda yozilgan ertak hamda hikoyalar bolalarning so‘z boyligini oshirish, o‘qiganlari yuzasidan mulohaza yuritish va o‘z fikrini erkin ifodalash ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shu nuqtai nazardan, «Bolalar uchun eng yaxshi badiiy asar» respublika ijodiy tanlovi yosh avlod uchun sifatli adabiyotlarni saralash, o‘zbek tilidagi bolalar adabiyotini boyitish va ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi muhim tashabbuslardan biri bo‘ldi.
N.Usmonova,
O‘zA