“Welt” nashri: O‘zbekiston dunyoga yuz tutmoqda
O‘zbekistonda so‘nggi yillarda madaniyat va san’atni rivojlantirish, boy tarixiy merosni asrab-avaylash hamda milliy qadriyatlarni xalqaro miqyosda targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yurtimizning jahon madaniy makonidagi o‘rnini mustahkamlamoqda.
Germaniyadagi O‘zbekiston Elchixonasi bilan hamkorlikda tayyorlangan navbatdagi tahliliy materialda aynan shu jarayonlar, O‘zbekiston madaniyatiga bo‘lgan xalqaro qiziqish va milliy merosimizning jahon miqyosidagi ahamiyati haqida so‘z yuritiladi.
Bunga Germaniyaning nufuzli “Welt” nashrida e’lon qilingan “O‘zbekiston dunyoga yuz tutmoqda?” sarlavhali maqola asos bo‘ladi. Unda mamlakatimizdagi madaniy islohotlar, tarixiy merosni asrab-avaylash, zamonaviy san’atni rivojlantirish va mamlakatning xalqaro madaniy maydondagi nufuzi haqida fikr yuritilgan.
Jurnalist Shtefan Grundning ta’kidlashicha, mamlakatning qadimiy sivilizatsiya merosi, zamonaviy madaniy infratuzilmasi va yirik xalqaro loyihalari O‘zbekistonni jahon hamjamiyatiga keng tanitishning muhim omili sifatida talqin etilgan. Nashr madaniy yangilanish jarayonlarini xalqaro hamkorlik, turizm, ta’lim va iqtisodiy taraqqiyot bilan uzviy bog‘liq holda tahlil qilgan.
Maqola Samarqandning tarixiy Registon maydonida taniqli xitoylik pianinochi Lang Lang ishtirokida o‘tkazilgan konsert taassurotlari bilan boshlanadi. O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri hamrohligida Betxoven va Gershvin asarlari, shuningdek, milliy cholg‘u asboblari ishtirokida o‘zbek kompozitori Anor Nazarovning “Taronalar bazmi” kompozitsiyasi ijro etilgan. Tarixiy obidalar bag‘rida tashkil etilgan ushbu musiqa kechasini jurnalist Sharq va G‘arb madaniyatlari uyg‘unligi hamda O‘zbekistonning xalqaro madaniy muloqotga ochiqligining yorqin namunasi sifatida baholaydi.
“Welt” gazetasi mamlakatdagi madaniy o‘zgarishlarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-yilda tashkil etilgan Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining o‘rnini alohida urg‘ulaydi. Nashr jamg‘arma raisi Gayane Umerova rahbarligida milliy san’atni xalqaro maydonda targ‘ib qilish, madaniy merosni asrash va zamonaviy ijodiy muhitni shakllantirish borasida keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilayotganini ta’kidlaydi.
Xususan, 2025-yilda tashkil etilgan Buxoro zamonaviy san’at biyennalesi xalqaro madaniy hayotda muhim voqealardan biri sifatida e’tirof etilgan. Jamg‘arma raisiga ko‘ra, “Singan qalblar uchun retseptlar” mavzusida o‘tkazilgan mazkur tadbirga ikki million nafar tomoshabin, jumladan, bir million xorijiy mehmon tashrif buyurgan. Biyennale buyuk alloma Abu Ali ibn Sino haqidagi rivoyatdan ilhomlangan bo‘lib, milliy an’analar va zamonaviy san’atning o‘ziga xos uyg‘unligini namoyon etgan.
Shuningdek, maqolada o‘zbekistonlik rassomlarning Venetsiya biyennalesi, Yaponiya, Xitoy va boshqa mamlakatlardagi xalqaro ko‘rgazmalarda faol ishtirok etayotgani, jumladan, yosh ijodkor Aygul Sarsen hamda taniqli konseptual rassom Vyacheslav Axunov ijodiga e’tibor qaratilgan.
Nemis jurnalisti Toshkentda ochilgan Zamonaviy san’at markazini (Centre for Contemporary Arts - CCA) mamlakat madaniy hayotidagi muhim yangiliklardan biri sifatida tavsiflaydi. Fransiyaning “Studio KO” me’morlik byurosi tomonidan tarixiy sanoat binosi negizida tashkil etilgan markazning “Hikmat” nomli ilk ko‘rgazmasida turli mamlakatlar ijodkorlarining asarlari namoyish etilmoqda.
Nashr markazning nafaqat ko‘rgazmalar, balki ilmiy izlanishlar, ta’lim va ijodiy muloqot uchun ham xizmat qilishiga alohida urg‘u bergan. G.Umerovaning ta’kidlashicha, bunday maskanlar mahalliy va xorijiy ijodkorlarni birlashtirish, ayniqsa, yoshlarning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Maqolada O‘zbekistonning ulkan turistik imkoniyatlari, xususan, Samarqandning YUNESKO Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Registon, Bibixonim masjidi, Go‘ri Amir maqbarasi va Shohi Zinda majmuasi kabi tarixiy obidalariga yuqori baho berilgan.
Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa Markaziy Osiyoning boy ilmiy-ma’rifiy merosini, islom sivilizatsiyasining IX-XVI asrlardagi yuksalish davrini zamonaviy texnologiyalar vositasida namoyish etuvchi yirik madaniy majmua sifatida tavsiflangan. Unda YUNESKOning “Jahon xotirasi” ro‘yxatiga kiritilgan Usmon mushafi kabi noyob tarixiy qo‘lyozmalar o‘rin olgani qayd etilgan.
Shuningdek, Nukusdagi I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi “Sahrodagi Luvr” deya ta’riflanib, uning noyob avangard san’at kolleksiyasi xalqaro madaniy turizm uchun katta ahamiyatga ega ekani ta’kidlangan.
Nashr Toshkentning o‘ziga xos modernizm me’morchiligiga ham e’tibor qaratib, “O‘zbekiston” mehmonxonasi, Chorsu bozori va “Kosmonavtlar” metro bekatini poytaxtning betakror me’moriy qiyofasini aks ettiruvchi inshootlar sifatida tilga olgan. Shu o‘rinda, ushbu maskanlar joriy yilda YUNESKOning butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilganini qayd etadi.
Maqolada milliy hunarmandchilikni qayta tiklash, xususan, kashtachilik, kulolchilik va hududlarga xos an’anaviy naqshlarni asrab-avaylash borasidagi tashabbuslar ham ijobiy baholangan. Muallif hunarmandchilik markazlari bilan hamkorlikda minglab xotin-qizlar uy sharoitida mehnat qilib, o‘z daromadiga ega bo‘layotganini ta’kidlaydi. Bu jarayon milliy merosni saqlash bilan birga, ayollarning tadbirkorlik faoliyatini yuksaltirishga xizmat qilayotgani qayd etilgan.
Nemis nashri O‘zbekistonda rejalashtirilgan yangi madaniy infratuzilma loyihalariga ham alohida to‘xtalgan. Jumladan, mashhur yapon me’mori Tadao Ando loyihasi asosida Toshkentda barpo etilayotgan O‘zbekiston Milliy muzeyining 2028-yil mart oyida ochilishi rejalashtirilgani, Buxoroda jadidchilik merosi va etnografiya muzeylari, Samarqandda esa Ipak yo‘li muzeyini tashkil etish ko‘zda tutilgani ma’lum qilingan.
Mazkur loyihalarda Germaniyaning “Atelier Brückner” kabi xalqaro me’morlik byurolari ishtirok etayotgani ham ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy va ijodiy hamkorlikning amaliy ifodasi sifatida ahamiyatli.
Nashrda ta’kidlanishicha, madaniyat, san’at va turizmning o‘zaro uyg‘un rivojlanishi O‘zbekistonning xalqaro jozibadorligini oshirish, xorijiy sayyohlar oqimini kengaytirish hamda iqtisodiyotning turdosh tarmoqlarini rag‘batlantirish uchun muhim imkoniyatlar yaratmoqda.
Umuman, “Welt” nashri maqolasida O‘zbekistonda kechayotgan madaniy yangilanishlar, xalqaro ijodiy aloqalarning faollashuvi va tarixiy merosni zamonaviy san’at bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan tashabbuslar nemis jurnalisti nigohida yoritilgan.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA