Toshkentda Xitoy – Markaziy Osiyo savdo ko‘rgazmasi o‘tkaziladi
Joriy yil 14-16-oktabr kunlari Toshkentda 2026-yilgi Xitoy – Markaziy Osiyo O‘zbekiston savdo ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.
Xitoy Xalqaro savdoni rivojlantirish kengashi tomonidan tashkil etilayotgan tadbir “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmasi majmuasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ko‘rgazmada Xitoyning 200 ga yaqin korxonasi ishtirok etib, o‘z mahsulotlari, zamonaviy texnologiyalari va sanoat sohasidagi ishlanmalarini namoyish etadi. Ishtirokchilar orasida yuqori texnologiyalar yo‘nalishida faoliyat yurituvchi kompaniyalar hamda yangi rivojlanayotgan sanoat tarmoqlari vakillari ham bo‘lishi kutilmoqda.
Mazkur tadbir Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, O‘zbekiston ishbilarmon doiralari o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, korxonalararo hamkorlik o‘rnatish va o‘zaro manfaatli biznes loyihalarini muhokama qilish uchun maydon bo‘lib xizmat qiladi.
Ko‘rgazma doirasida Xitoy kompaniyalarining mahsulot va texnologiyalari bilan tanishish, shuningdek, mintaqaviy bozorlardagi hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganishga e’tibor qaratiladi.
Nilufar Bozorova, O‘zA