Qirg‘izistonning afsonaviy sportchisi Toshkentda sharaflandi
Sport faqat g‘alaba va mag‘lubiyat, raqobat va kurashdan iborat emas, balki turli millat va davlat vakillarini bir maydonda o‘zaro hurmat, do‘stlik va birdamlik rishtalari tegrasida jamlaydigan ulkan kuchdir.
Poytaxtimizda og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida o‘tayotgan qit’a birinchiligi doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar aynan shunday do‘stlik va hurmatning yorqin namunasini o‘zida ifoda etmoqda.
Osiyo chempionati bahslarini bevosita “Olimpiya shaharchasi”da kuzatayotgan Qirg‘izistonning afsonaviy sportchisi, Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, to‘rt karra jahon va ikki karra Yevropa chempioni Qanibek Osmanaliyevga xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik ramzi sifatida sport vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘z navbatida qirg‘izistonlik afsonaviy sportchi e’tibor va hurmat uchun minnatdorlik bildirib, Yangi O‘zbekiston sportidagi yuksalishlarga yuqori baho berib, davlatimiz tomonidan xalqlarni birlashtirish, avlodlarni do‘stlashtirish va ezgu qadriyatlarni mustahkamlash yo‘lida olib borilayotgan ezgu ishlarni alohida e’tirof etdi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA