28 nafar yosh dzyudochimiz Dushanbe turnirida qatnashmoqda
Bugun, 23-oktabr kuni Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida 21 yoshgacha bo‘lgan dzyudochilar o‘rtasida “Hoji Sharif Dushanbe Grand Prix Juniors 2026” xalqaro turniri oldidan mandat komissiyasi yig‘ilishi hamda qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda Xalqaro dzyudo federatsiyasi Sport komissiyasi kotibi, hamyurtimiz Abdullo Murodov, Tojikiston sport tashkilotlarining rahbarlari, 19 mamlakat dzyudo federatsiyalarining mutasaddilari qatorida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi murabbiylar kengashi vakillari ishtirok etdi.

Aytish lozim, 14 ta vazn toifasida o‘tadigan mazkur nufuzli xalqaro turnirda 19 mamlakatning 227 nafar yosh dzyudochisi qatorida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasining 28 nafar a’zosi sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qilishga hozirlanmoqda.
Xalqaro turnir dasturiga muvofiq, ertaga 24-oktabr kuni o‘g‘il bolalar -60, -66, -73 kilogrammda, dzyudochi qizlar -48, -52, -57, -63 kilo og‘irlikda bellashadi.

Xalqaro turnirning birinchi kungi bellashuvlarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolardan Xurshid Sultonov va Muhammadqodir Shodmonov -60 kiloda, Abdurahmon Sa’dullayev va Amirxon Nizomiddinov -66 kiloda, Behruz Usmonov va Sanjar Ashurov -73 kiloda, dzyudochi qizlardan Dilrux Hasanova va Marjona Sa’dullayeva -48 kiloda, Charos Hikmatova va Sabina Azamatova -52 kiloda, Maftuna Ahmedova -52 kiloda, Asal Karimjonova va Dinara Samandarova -63 kiloda yurtimiz sharafini himoya qiladi.
“Hoji Sharif Dushanbe Grand Prix Juniors 2026” xalqaro turniri 25-oktabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA