Pekinda strategik muzokaralar o‘tkazildi
Pekin shahridagi Xalq yig‘inlari saroyida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin va Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp o‘rtasida ikki tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Davlat tashrifi doirasida o‘tkazilgan ushbu uchrashuvda Xitoy – AQSH munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy masalalar muhokama qilindi.
Si Szinpin jahondagi murakkab va noaniq vaziyat sharoitida yirik davlatlar zimmasida mas’uliyat yanada ortib borayotganini ta’kidladi. U Xitoy va AQSH o‘rtasidagi munosabatlar “konstruktiv, strategik barqarorlikka ega aloqalar” tamoyili asosida rivojlanishi zarurligini qayd etdi.

Xitoy rahbari ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning asosi o‘zaro manfaat va tenglik ekanini ta’kidlab, iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, ochiqlik va hamkorlik muhitini kengaytirish muhimligini bildirdi. Shu bilan birga, mavjud kelishuvlarni amalga oshirish va siyosiy, iqtisodiy, gumanitar sohalarda muloqot kanallarini samarali ishlatish zarurligi qayd etildi.
Si Szinpin Tayvan Xitoy – AQSH munosabatlaridagi eng muhim va sezgir masalalardan biri ekanini ta’kidlab, ushbu yo‘nalishda ehtiyotkorlik va mas’uliyat bilan yondashish zarurligini bildirdi.

Donald Tramp o‘z navbatida Xitoyga davlat tashrifi bilan kelishini yuksak baholab, Xitoy rahbari bilan shaxsiy va siyosiy muloqotlar yuqori darajada ekanini qayd etdi. U ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash, mavjud kelishmovchiliklarni muloqot orqali hal etish va hamkorlikni kengaytirish tarafdori ekanini bildirdi.
Muzokaralar davomida tomonlar xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar, jumladan, Yaqin Sharq, Ukraina inqirozi va Koreya yarimorolidagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashdi. Shuningdek, bu yil bo‘lib o‘tadigan ATES va “G20” sammitlarida hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

Uchrashuv oldidan Si Szinpin Donald Trampni rasmiy tarzda tantanali marosim bilan kutib oldi. Ikki davlat madhiyalari yangradi va 21 karra to‘p otilishi bilan rasmiy marosim o‘tkazildi.
Davlat tashrifi Xitoy va AQSH o‘rtasidagi muloqot va hamkorlikni mustahkamlash, global barqarorlik va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Nilufar Bozorova, O‘zA