AQSH dunyo bo‘ylab 7340 kg qurol darajasidagi yadroviy materialni yo‘q qilgan
Amerika Qo‘shma Shtatlari va Buyuk Britaniya Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) texnik ko‘magida Venesuela tadqiqot reaktoridan yirik miqdorda yuqori darajada boyitilgan uranni zararsizlantirdi. Bu muvaffaqiyatli amaliyot haqida Davlat departamenti xabar bergan.
Aprel oyi oxirida Venesuelaning RV-1V-1 majmuasidagi uran qadoqlandi va tashishga tayyorlandi. Shundan so‘ng yuk tarixiy "Atom tinchlik uchun" dasturi doirasida AQSHga yetkazildi. Aniqrog‘i, may oyi boshida mazkur yadroviy material Buyuk Britaniya tomonidan Janubiy Karolina shtati Ayken shahridagi Savanna daryosi hududiga xavfsiz tarzda olib o‘tildi.
Jarayonda muhim ishtirokchi vazifasini bajargan MAGATE mutaxassislari texnik tajribasini ishga solib, to‘liq nazorat olib bordi.
Davlat departamenti fikricha, "Qo‘shma Shtatlar shu tariqa nafaqat Amerika, balki butun dunyo xavfsizligini mustahkamlagan".
Umuman, hozirgacha AQSH butun dunyo bo‘ylab 7340 kilogrammdan ortiq qurol darajasidagi yadro unsurini muvaffaqiyatli zararsizlantirgani ta’kidlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyida Tramp Eron ham boyitilgan uranni Qo‘shma Shtatlarga topshirishga tayyorligini e’lon qilgan edi.
G.Sattorova, O‘zA