Fransiyada prokurorlar sobiq Prezident Sarkozi uchun yetti yillik qamoq jazosi so‘radi
Fransiya prokuraturasi sobiq Prezident Nikolya Sarkozi uchun yetti yillik qamoq jazosi talab qildi, deb yozdi “Kazinform” agentligi. Ma’lumki, gumonlanuvchiga 2007-yilgi saylov kampaniyasini Liviyadagi Muammar Qaddofiy rejimi mablag‘idan foydalangan holda noqonuniy moliyalashtirish aybi qo‘yilgan.
Mahalliy ommaviy axborot vositalari xabariga ko‘ra, moliya prokuraturasi 71 yoshli ushbu siyosatchiga misli ko‘rilmagan darajada qattiq jazo berilishini xohlayapti. Zero, Nikolyaga nisbatan murmadan tashqari 300 000 yevro jarima va har qanday davlat lavozimini egallash besh yilga taqiqlanishi jazosi ham ko‘zda tutilyapti.
Parij apellyatsiya sudida so‘zga chiqqan ayblovchilar sobiq yetakchini xorijiy davlat rahbariyatidan millionlab yevro undirishga qaratilgan korrupsiya chizmasi "me’mori" deb atadi.
Sarkozi har qanday aybni qat’iy inkor etib, ayblov uchun dalil yo‘qligini ta’kidlagan. Shuningdek, ish siyosiy mazmun kasb etishini ham qo‘shimcha qilgan. Advokatlar esa tergovchilar tomonidan mijozga nisbatan ma’lumotni buzib ko‘rsatish holatiga yo‘l qo‘yilganiga e’tibor qaratib, Sarkozi to‘liq oqlanishni talab qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil birinchi instansiya sudi sobiq rahbarni besh yilga ozodlikdan mahrum qildi. Keyingi apellyatsiya sabab, hozirgi sud jarayoni boshlangan. Endi prokuratura jazoni oshirish chorasini ko‘radi.
Apellyatsiya sudi mazkur shov-shuvli ish bo‘yicha joriy yil 30-noyabr kuni yakuniy qaror chiqarishi kutilyapti. Qoralov tasdiqlansa, himoya tomoni yanada yuqori idoraga ariza berishi mumkin.
2007-2012-yillari Fransiya Prezidenti sifatida faoliyat yuritgan Nikolya Sarkozi Beshinchi Respublika tarixida qamoq jazosini olgan birinchi davlat rahbaridir.
G.Sattorova, O‘zA