SHHTga a’zo davlatlar Xavfsizlik kengashi kotiblari Bishkekda uchrashdi
Qirg‘izistonda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Xavfsizlik kengashi kotiblari 21-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu xaqda “Kazinform” xabar bergan.
Delegatsiyalar rahbarlari bilan uchrashuvda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bugungi kunda SHHT mamlakatlari duch kelayotgan asosiy muammolar sifatida geosiyosiy keskinlik kuchayishi, Yaqin Sharqdagi qurolli mojaro, terrorizm, separatizm, ekstremizm, giyohvand moddalar savdosi va kiber hujum kabi transmilliy tahdidlarni sanab o‘tgan.
– Mamlakatimiz xalqaro nizolarni hal qilishning siyosiy va diplomatik usullarini doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlaydi, – dedi mamlakat yetakchisi. – Hatto, eng qiyin muloqot ham qurolli qarama-qarshilikdan afzal.
Qirg‘iziston rahbari razvedka idoralari o‘rtasida axborot almashinuvini kuchaytirish, raqamli makonda terrorizmni moliyalashtirish yo‘llarini berkitish, inqirozga yumshoq javob berish mexanizmini ishlab chiqish singari birgalikdagi sa’y-harakatning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.
O‘z navbatida yuqori martabali mehmonlar mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka doir dolzarb mavzularni muhokama qildilar. Zamonaviy chaqiriq va tahdidlarni bartaraf etish uchun hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligini ta’kidlab, tuzilma doirasida o‘zaro ishonchga asoslangan sheriklikni chuqurlashtirishga tayyorliklarini bildirdilar.
Eslatib o‘tamiz, tadbir Qirg‘izistonning SHHTga raisligi doirasida o‘tkazildi.
G.Sattorova, O‘zA