O‘zbekistonlik jurnalist “AsiaVision Jury Awards 2026” mukofotiga sazovor bo‘ldi
Bugungi shiddatli axborot asrida voqea-hodisalarni nafaqat tezkor va xolis yoritish, balki jahon auditoriyasiga professional tarzda yetkazib berish har bir ommaviy axborot vositasining xalqaro maydondagi nufuzini belgilaydi.
Avstraliyaning Sidney shahrida Global News forumi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur forum Osiyo-Tinch okeani radioeshittirishlari ittifoqi shafeligida har yili tashkil etiladi. Ittifoqning AVN platformasi mavjud .Ushbu platformaning maqsadi a’zo kompaniyalar o‘rtasida videokontentlar almashish.

Nufuzli forumda 120 ga yaqin yetakchi OAV vakillari jam bo‘ldi. Global News forumi doirasida o‘tkaziladigan AVN Awards taqdirlash marosimida o‘zbekistonlik telejurnalist Dilnavoz Madrahimova “AsiaVision Jury Awards” sovrini bilan taqdirlandi.
So‘nggi to‘rt yil davomida Dilnavoz Madrahimova tomonidan ushbu platformaga O‘zbekistondagi keng ko‘lamli islohotlar, yangi bunyodkorlik ob’ektlari, madaniy-ma’rifiy tadbirlar va turizm salohiyatiga bag‘ishlangan yuzlab tahliliy lavhalar joylashtirilgan.
Sidney forumida D.Madrahimova tomonidan taqdim etilgan O‘zbekiston taraqqiyoti va MTRK imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimot xorijiy media vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi va yangi hamkorlik aloqalariga zamin yaratdi.
Qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyat mamlakatimizda OAV sohasi va axborot siyosati yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ko‘rsatadi.
Abdulaziz RUSTAMOV,
O‘zA