O‘zbekiston Bosh vaziri va Xitoy Bosh vaziri o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi
Bugun, 17-oktabr kuni poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida ikki o‘lka o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar bugun sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidlab, bunda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin o‘rtasidagi yuksak siyosiy ishonch, do‘stona va samimiy munosabatlar muhim o‘rin tutayotganini qayd etdi.
Shuningdek, XXRning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni izchil qo‘llab-quvvatlab kelayotgani yuksak baholandi.

O‘z navbatida, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib, o‘zaro hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ta’kidladi. Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-logistika, energetika va yuqori texnologiyalar sohalaridagi aloqalar tobora kengayib borayotganiga e’tibor qaratdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikning jadal rivojlanayotgani alohida tilga olindi. Xususan, so‘nggi besh yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi uch barobarga oshib, 2025-yil yakunida qariyb 18 milliard dollarni tashkil etgan. Xitoydan O‘zbekistonga jalb qilinayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi esa besh barobarga ko‘payib, 2025-yilda 17 milliard dollarga yetgan.

Ayni paytda yurtimizda Xitoy kapitali ishtirokida 6,5 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Avtomobilsozlik, energetika, elektrotexnika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlarda yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, zamonaviy sanoat korxonalarini tashkil etish va raqamli texnologiyalarni joriy qilish borasidagi hamkorlik muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Muloqot chog‘ida Toshkent shahridagi ko‘chalardan biriga Pekin nomi berilishi to‘g‘risida qaror qabul qilingani ham aytildi. Mazkur tashabbus ikki xalq o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va o‘zaro hurmatning yana bir ifodasi ekani qayd etildi.
Anjuman yakunida sanoat, energetika, bojxona, sog‘liqni saqlash, elektron tijorat, OAV kabi sohalarga oid ikki tomonlama o‘zaro memorandumlar imzolandi.
O‘tkir ALIMOV,
Otabek MIRSOATOV (surat),
O‘zA