O‘zbekiston va Bolgariya: O‘zaro hurmat va ishonch tamoyillariga asoslangan munosabatlar rivojlanmoqda
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher A’zamxo‘jayev Bolgariya Respublikasi Milliy assambleyasining «Bolgariya - O‘zbekiston» hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruh raisi Xristo Simeonov va guruh a’zolari bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston va Bolgariya o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillari asosida rivojlanib borayotgani qayd etildi. Xususan, 2025-yil iyun oyida Bolgariya Prezidentining O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi hamda uning doirasida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarning ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishdagi ahamiyati ta’kidlandi.

Muloqot davomida ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhlar faoliyatini faollashtirish masalalari muhokama qilindi.
Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish yuzasidan ham fikr almashildi.
N.Abduraimova,
O‘zA