O‘zbekiston Prezidenti Osiyo futbol konfederatsiyasi rahbarini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-oktabr kuni Osiyo futbol konfederatsiyasi prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim Al Xalifani qabul qildi.
Mamlakatimizning mazkur nufuzli sport tashkiloti bilan samarali hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shayx Salmon bin Ibrohim Al Xalifa yurtimizda havaskor va professional futbolni qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy infratuzilma va o‘qitish bazasini barpo etish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarni yuqori baholadi.

Futbol akademiyalarini birgalikda rivojlantirish hamda “Har bir mahallada futbol maydonchasi” dasturi doirasida yoshlarni futbolga keng jalb etishga qaratilgan loyihalarni ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.

Yirik futbol tadbirlari, jumladan, ayollar va o‘smirlar o‘rtasidagi chempionatlarni tashkil etish va o‘tkazish, sportchilar hamda murabbiylar tarkibini tayyorlashda uslubiy yordam ko‘rsatish, iste’dodli futbolchilarni saralash kabi yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.