O‘zbekistonda valyuta aylanmasi milliardlab dollarga yetdi
Markaziy bankning ma’lum qilishicha, 2026-yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekiston ichki valyuta bozorida xorijiy valyutaga bo‘lgan talab va taklif hajmi sezilarli darajada o‘sdi. Bu haqda mamlakat moliyaviy ko‘rsatkichlari tahlilida ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hisobot davrida yuridik va jismoniy shaxslarning chet el valyutasiga bo‘lgan jami talabi 20,4 milliard AQSH dollarini tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 24,3 foizga yuqori bo‘ldi. O‘tgan yilning shu davrida mazkur raqam 16,4 milliard dollarga teng edi.
Shundan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilgan valyuta xaridi qariyb 16 milliard dollar, jismoniy shaxslar xaridi esa 4,4 milliard dollarga yetgan.
Shu bilan birga, ichki valyuta bozorida chet el valyutasi taklifi ham o‘sish tendensiyasini namoyon qildi. Xususan, yuridik va jismoniy shaxslarning jami valyuta taklifi 2025-yilning shu davriga nisbatan 33,9 foizga yoki qariyb 4,6 milliard dollarga oshib, 18 milliard dollarga yetdi.
2026-yilning dastlabki to‘rt oyida aholi tomonidan tijorat banklariga 8,2 milliard dollar sotilgan.
Yuridik shaxslar esa 9,8 milliard dollar miqdorida valyuta mablag‘larini realizatsiya qilgan.
Tahlillarga ko‘ra, hisobot davrida milliy valyuta kursining barqarorligi ham saqlanib qoldi. AQSH dollarining ayirboshlash kursi 11 938-12 320 so‘m oralig‘ida tebranib, davr yakuni bo‘yicha milliy valyuta 0,6 foizga mustahkamlangan.
Shuningdek, mazkur davrda valyuta kursi tebranuvchanligi o‘rtacha 28,5 so‘m yoki 0,23 foizni tashkil etdi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA