Raqamli audit va sun’iy intellekt masalalari muhokama qilindi
Toshkent shahrida “Audit jarayonlarini raqamlashtirish va katta hajmli ma’lumotlarni sun’iy intellekt orqali tahlil qilish” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etildi. Konferensiyaning birinchi kuni Yoshlar ijod saroyida, ikkinchi kuni esa IT Park Uzbekistan majmuasida o‘tkazildi.
Anjumanda davlat auditi, raqamli transformatsiya, Big Data va sun’iy intellekt texnologiyalarini audit tizimiga joriy etish masalalari muhokama qilindi. Tadbirda INTOSAI va ASOSAI kabi xalqaro tashkilotlarga a’zo 30 dan ortiq mamlakatdan 50 dan ziyod auditorlar, xalqaro ekspertlar va IT mutaxassislari ishtirok etdi.

Konferensiyaning ikkinchi kuni GovTech ko‘rgazmasi bilan boshlanib, unda davlat boshqaruvi va aholiga xizmat ko‘rsatishga qaratilgan zamonaviy raqamli platformalar va innovatsion texnologiyalar namoyish etildi.
Tadbirni raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ochib berdi. U o‘z nutqida mamlakatimizda axborot texnologiyalari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, IT kompaniyalar uchun yaratilgan imkoniyatlar va IT xizmatlar eksporti hajmi ortib borayotganini ta’kidladi.

Konferensiya doirasida IT-audit, sun’iy intellekt asosidagi audit mexanizmlari, davlat tashkilotlarida axborot xavfsizligi, masofaviy audit tizimlari va katta hajmli ma’lumotlarni intellektual tahlil qilishga bag‘ishlangan sessiyalar tashkil etildi. Xitoy, Vengriya, Turkiya, Chexiya va boshqa davlatlar vakillari davlat auditida raqamli texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha o‘z tajribalarini taqdim qildi.

Shuningdek, tadbir doirasida “Audit va sport birligi” shiori ostida sport va madaniy dasturlar ham tashkil etildi. Unda milliy taomlar ko‘rgazmasi, sport chiqishlari va turli musobaqalar o‘tkazildi.
N.Rahmonova, ЎзА