Ezgu an’analar – ijtimoiy adolat va mehr-oqibat ramzi
Prezidentimizning “Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ma’naviy hayotimiz, ezgu an’ana va qadriyatlarimizning bardavomligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Ushbu hujjatning ahamiyati haqida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Ilhomjon Bekmirzayev quyidagi fikrlarni bildirdi:
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarori xalqimizning qadimiy an’analari mehr-oqibat, insonparvarlik va saxovatparvarlik tamoyillarini zamonaviy ijtimoiy siyosat bilan uyg‘unlashtirgan holda qabul qilindi. Ushbu hujjat nafaqat diniy bayramni nishonlash, balki keng ko‘lamli ijtimoiy himoya va xayriya tadbirlarini amalga oshirishni ko‘zda tutadi.

Qarorda birinchi navbatda og‘ir kasalliklarga chalingan bemorlarni davolash masalasi alohida e’tiborga olingan. 10 ming nafar bolada jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi, 2,3 ming nafar onkologik va gematologik bemorlar tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilishi, 350 nafar bemorda jigar va buyrak transplantatsiyasi amalga oshirilishi belgilandi. Bu chora-tadbirlar sog‘liqni saqlash tizimida davlat va jamg‘arma mablag‘lari hisobidan ijtimoiy adolatni ta’minlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar - yetimlar, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, Vatan himoyachilari farzandlari va og‘ir kasallikka chalingan bolalarning omonat hisoblariga 200 AQSH dollari miqdorida mablag‘ o‘tkazilishi belgilandi. Bu esa davlatning bolalar taqdiriga befarq emasligini ko‘rsatadi.
Shuningdek, 500 ta masjidda zamonaviy tahoratxonalar qurish, qabristonlarni obodonlashtirish va muqaddas qadamjolarni ta’mirlash masalalari ham belgilangan. Bu tadbirlar diniy-ma’naviy muhitni mustahkamlash, xalqimizning qadimiy urf-odatlarini asrab-avaylashga qaratilgan.
Qarorda ko‘zda tutilgan tadbirlar 690 milliard so‘m mablag‘ hisobidan “Vaqf” xayriya jamoat fondi orqali moliyalashtiriladi. Bu mexanizm davlat jamg‘armalari va xayriya fondlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytiradi, mablag‘larning manzilli sarflanishini ta’minlaydi.
Islom ta’limotida Qurbon hayiti bayramini nishonlash asnosida jonliqlar so‘yiladi. Jonliqlar muhtojlarga tarqatilib, ularning xonadonida ham bayramona kayfiyat tarqalishiga asos bo‘ladi. Hadisi shariflarda qurbonliklar faqatgina musulmonlar o‘rtasidagina emas, balki boshqa din vakillari orasida ham tarqatilishi haqida ko‘rsatmalar kelgan.
Bu rivoyatlar Qurbon hayitining asl mohiyatini ochib beradi: bayram faqat diniy marosim emas, balki ijtimoiy adolat, qo‘shnichilik hurmati va insonparvarlikning amaliy ko‘rinishi. Qurbonlik go‘shti muhtojlarga tarqatilganda, ularning xonadonida ham bayramona kayfiyat paydo bo‘ladi, jamiyatda birdamlik va mehr-oqibat mustahkamlanadi.
Qurbon hayiti musulmon ummatining eng ulug‘ diniy bayramlaridan biri bo‘lib, uning mohiyatida insonparvarlik, mehr-oqibat va jamiyatda birdamlikni mustahkamlash g‘oyasi mujassam. Bu ayyomda amalga oshiriladigan qurbonlik marosimi nafaqat diniy ibodat, balki ijtimoiy hayotda ham katta ahamiyat kasb etadi.
Qurbonlik marosimi orqali muhtojlar, yetimlar, beva-bechoralar va kam ta’minlangan oilalar qo‘llab-quvvatlanadi.
Shuningdek, marosim Allohga yaqinlik ramzi bo‘lib, insonning ixlos va sadoqatini ifodalaydi. Bu amal orqali musulmon o‘zining mol-mulkini faqat o‘z manfaatiga emas, balki jamiyat farovonligi yo‘lida sarflashga odatlanadi. Inson qalbida shukronalik, saxovat va bag‘rikenglik tuyg‘ularini kuchaytiradi.
Qurbon hayiti marosimlari qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlaydi, qarindosh-urug‘lar o‘rtasida mehr-oqibatni kuchaytiradi.
Hayit diniy marosimdan tashqari, ijtimoiy birdamlik, saxovat va insonparvarlik bayrami. Qurbonlik amali orqali muhtojlar qo‘llab-quvvatlanadi, jamiyatda mehr-oqibat mustahkamlanadi, inson qalbida shukronalik va bag‘rikenglik tuyg‘ulari kuchayadi. Bu bayramning eng katta afzalligi shundaki, u xalqimizni birlashtiradi, jamiyatda totuvlik va hamjihatlikni ta’minlaydi.
Prezidentimizning “Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi Qarori xalqimizning asrlar davomida shakllangan ezgu qadriyatlari mehr-oqibat, saxovat, bag‘rikenglik va bunyodkorlik an’analarini zamonaviy ijtimoiy siyosat bilan uyg‘unlashtirgan holda hayotga tatbiq etmoqda. Ushbu hujjatning mohiyati shundaki, u diniy bayramni nishonlash jarayonida nafaqat marosimiy amallarni, balki keng ko‘lamli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari orqali insonlar qalbiga quvonch olib kirishni ko‘zda tutadi.
Qarorda belgilangan tadbirlar og‘ir kasalliklarga chalingan bolalarni jarrohlik amaliyotidan o‘tkazish, transplantatsiya jarayonlarini moliyalashtirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning hisoblariga mablag‘ o‘tkazish, masjid va qabristonlarni obodonlashtirish barchasi xalqimizning qadimiy saxovatparvarlik an’analarini davom ettirishga xizmat qiladi. Bu chora-tadbirlar orqali jamiyatda birdamlik, mehr-oqibat va ijtimoiy adolat mustahkamlanadi.
Qaror diniy bayramni ijtimoiy siyosat bilan uyg‘unlashtirgan holda, xalqimizning ezgu qadriyatlarini amalda davom ettirish, bunyodkorlik ishlarini kengaytirish va eng muhimi, insonlar qalbiga quvonch olib kirishga xizmat qilmoqda.
O‘zA muxbiri
N.Usmonova yozib oldi.