Samarqandlik 2 ming nafarga yaqin o‘quvchi muddatidan avval talabalikni naqd qildi
Samarqand viloyatidagi umumta’lim maktablarida ham bugun “Yuksak ma’rifatli avlod – Uchinchi Renessans poydevori” shiori ostida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari o‘tkazildi.
2025-2026 o‘quv yilida viloyatdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 9-sinfini 73 ming 322 nafar, 11-sinfni esa 50 ming 548 nafari o‘quvchi bitirmoqda. Maktabni bitirib mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan yoshlarning 1549 nafari fanlar bo‘yicha milliy sertifikatga ega bo‘ldi, 1945 nafari muddatidan oldin talabalik baxtiga erishdi.
Samarqand shahridagi 55-umumta’lim maktabida o‘tkazilgan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirida viloyat hokimi Adiz Boboyev ishtirok etib, davlatimiz rahbarining yurtimiz maktablari bitiruvchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.
Shundan so‘ng a’lo baholarda tahsil olgan, namunaviy xulqi va iqtidori bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan o‘quvchilar munosib rag‘batlantirildi. Farzand tarbiyasiga alohida e’tibor bilan yondashgan ota-onalarga “Eng faol ota”, “Jonkuyar ona”, “Mas’uliyatli ota-ona” kabi nominatsiyalar bo‘yicha minnatdorlik xatlari va tashakkurnomalar topshirildi.
Samarqand shahridagi 30-umumta’lim maktabida o‘tkazilgan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiri ham Prezidentimizning bitiruvchi o‘g‘il-qizlarga yo‘llagan bayram tabrigi bilan boshlandi.
Maktab o‘qituvchilari, mahalla faollari va ota-onalar ishtirokida o‘tkazilgan tadbir o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan bayram tabriklari, she’r va kuy-qo‘shiqlar bilan davom etdi.
[gallery-29618]
– Ayni paytda muassasamizda 1468 nafar o‘g‘il-qiz ta’lim olmoqda, – deydi 30-umumta’lim maktabi direktori Guljahon Rahmatova. – Ularning 94 nafari joriy o‘quv yilida 11-sinfni bitirib, katta hayot ostonasiga qadam qo‘ymoqda. Bizni quvontiradigani ularning aksariyati o‘zlari tanlagan mutaxassisliklar bo‘yicha ta’lim fanlaridan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritgan. Xususan, o‘quvchimiz Azganush Abdulmajalova AQSHning Minissota universitetida o‘qish uchun grantni qo‘lga kiritdi.
“So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiri davomida fanlarni o‘zlashtirishdagi ilg‘orligi, maktab hayotidagi faolligi bilan alohida ajralib turgan o‘quvchilar, ularning ta’lim-tarbiyasiga mas’uliyat bilan yondashgan ota-onalarga maktab ma’muriyatining faxriy yorlig‘i, tashakkurnomalari topshirildi.
– Jonajon maktab bilan xayrlashish har bir o‘quvchini qanchalik hayajonlantirsa, unga shunchalik mas’uliyat yuklaydi, – deydi bitiruvchi Gulsanam To‘ychiyeva. – Davlatimiz rahbarining maktab bitiruvchilariga yuksak ishonch bildirib, bizni Yangi O‘zbekistonni dunyoga tarannum etadigan bunyodkor kuch sifatida ko‘rayotganliklari katta hayotga qadam qo‘yayotgan barcha tengdoshlarimga g‘urur va shijoat bag‘ishladi. Biz bunday ishonchga munosib bo‘lib, o‘z tanlagan kasbimiz orqali yurtimiz ravnaqini yangi bosqichga olib chiqamiz. Maktabni bitirayotgan tengdoshlarimning barchasi, shu jumladan, men ham oliy ta’lim bo‘yicha yo‘nalishni oldindan tanlab, belgilangan fanlar bo‘yicha milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritib, o‘qishga kirishni deyarli hal etib qo‘yganman. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filialida o‘qib, yurtimiz iqtisodiyotining rivojiga o‘z hissamni qo‘shaman.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA