O‘zbekiston delegatsiyasi Chernogoriyadagi xalqaro turizm forumida ishtirok etmoqda
O‘zbekiston xalqaro turizm hamkorligini kengaytirish va mamlakatning sayyohlik salohiyatini jahon miqyosida targ‘ib etishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surmoqda.
Shu maqsadda mamlakatimiz delegatsiyasi Chernogoriyada o‘tkazilayotgan Yevropa–Osiyo mintaqalararo yuqori darajadagi turizm forumida ishtirok etmoqda.
2026-yil 11–14-oktabr kunlari Chernogoriya poytaxti Podgoritsa shahrida BMT Turizm tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan xalqaro forumda O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Sanjar Tojiyev boshchiligidagi delegatsiya qatnashmoqda.
Forum Yevropa va Osiyo mamlakatlari o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish, sayyohlik aloqalarini kengaytirish hamda barqaror turizmni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan.
Turizm qo‘mitasi matbuot xizmatiga ko‘ra, tadbirda Sanjar Tojiyev O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakatning boy tarixiy-madaniy merosi, sayyohlik salohiyati va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, xorijiy delegatsiyalar vakillari 2026-yil 25–27-noyabr kunlari Toshkentda o‘tkaziladigan “Ipak yo‘lida turizm” Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi hamda 27-noyabr kuni BMT Turizm tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etiladigan “2027-yil — Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili”ning rasmiy ochilish marosimiga taklif etildi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2027-yilning “Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili” deb e’lon qilinishi mamlakatimizning global turizmni barqaror rivojlantirish borasidagi tashabbuslarini xalqaro miqyosda ilgari surish uchun muhim imkoniyat yaratadi.
Forum doirasida Chernogoriya turizm vaziri Simonida Kordich hamda boshqa xorijiy davlatlar turizm sohasi vakillari bilan uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Muloqotlarda ikki tomonlama turizm aloqalarini rivojlantirish, o‘zaro sayyohlar oqimini oshirish, turizm tashkilotlari va tadbirkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, qo‘shma sayyohlik tashabbuslarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA