Farg‘onada turizmni rivojlantirishning yangi imkoniyatlari muhokama qilindi
Farg‘ona shahridagi viloyat axborot-kutubxona markazida «Turizmni hududlar iqtisodiyotining muhim drayveriga aylantirish: Farg‘ona viloyatidagi imkoniyatlar va loyihalar» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat hokimi o‘rinbosari Xurshid Ahmedov hududning turistik salohiyatini yanada oshirish, turistik xizmatlar sifatini yaxshilash, soha infratuzilmasini kengaytirish, ichki va tashqi turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Qayd etilganidek, bu yo‘nalishda yangi loyihalarni amalga oshirish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Matbuot anjumanida ma’lum qilinishicha, 2026-yilning yanvar–sentabr oylarida Farg‘ona viloyatiga 2 million 936 ming nafardan ziyod turist tashrif buyurgan. Turistik xizmatlar eksporti hajmi esa 174,16 million AQSH dollariga yetgan.
[gallery-31842]
Shuningdek, viloyatda o‘tkazilayotgan festivallar va yirik tadbirlar, xalqaro ko‘rgazma va forumlar, madaniy-ma’rifiy anjumanlarning hudud turistik jozibadorligini oshirish hamda sayyohlar oqimini ko‘paytirishdagi ahamiyati ta’kidlandi.
Tadbir yakunida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javoblar berildi. Turizm sohasidagi yangiliklarni ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish, bu boradagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA