«Yetti kichik arka» — moviy suvlar va sharsharalar maskani
Xitoyning Guychjou provinsiyasi janubidagi Libo uyezdida joylashgan Syaotsikun tabiat maskani moviy suvlari, sharsharalari va quyuq o‘rmonlari bilan sayyohlarni o‘ziga jalb etadi. «Yetti kichik arka» nomi bilan mashhur ushbu hudud tog‘lar bag‘ridagi betakror manzaralari, karst rel’efi va boy o‘simlik dunyosi bilan ajralib turadi.
Maskanning nomi XIX asrda qurilgan yetti arkali tosh ko‘prik bilan bog‘liq. Bir vaqtlar Libo va qo‘shni Guansi hududlari o‘rtasidagi yo‘lda xizmat qilgan ushbu ko‘prik bugun Syaotsikunning asosiy ramzlaridan biri hisoblanadi.
Syaotsikun YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan «Janubiy Xitoy karsti» tabiiy hududining bir qismi sanaladi. Libo landshaftlari noyob karst shakllari va yaxshi saqlangan o‘rmon ekotizimlari bilan ajralib turadi. 2007-yilda «Janubiy Xitoy karsti» Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Hududda Voluntan suv havzasi, Laya va Suygu sharsharalari, Yuan’yan ko‘li kabi ko‘plab tabiiy maskanlar mavjud. Ayniqsa, moviy suvi va keng yoysimon sharsharasi bilan Voluntan, shuningdek, yashil orolchalar va tor suv yo‘llari uyg‘unlashgan Yuan’yan ko‘li sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otadi.
«Suvli o‘rmon»da soylar daraxtlar va qoyalar orasidan oqib o‘tadi. «Toshlar ustidagi o‘rmon»da esa daraxtlar ohaktosh qoyalar orasida o‘sib, ildizlari bilan tosh yoriqlariga mahkam o‘rnashgan. Majmua hududida stalaktit va stalagmitlari bilan ajralib turuvchi Tyanchjun karst g‘ori ham bor.
Sayyohlar uchun hudud bo‘ylab avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Belgilangan bekatlarda tushib, tabiat manzaralarini tomosha qilish, keyingi avtobusda harakatni davom ettirish yoki piyoda sayr qilish mumkin. Ko‘lda qayiqda sayr qilish imkoniyati ham mavjud.
Sentyabr oyining oxirida ham Syaotsikun tabiati yashil tusini saqlab, o‘zining betakror manzaralari bilan kishini maftun etadi. Yam-yashil o‘rmonlar, moviy suvlar va sharsharalarning oppoq oqimi o‘zaro uyg‘unlashib, jozibali manzara hosil qiladi. So‘qmoqlar bo‘ylab sayr qilganda rang-barang kapalaklarni ham uchratish mumkin.
Sharsharalarning ayrimlari sayr yo‘laklariga yaqin joylashgan. Suvning salqin zarralari sayyohlargacha yetib keladi, ayrim yo‘laklar esa sharshara oqimiga yaqin hududlardan o‘tadi. Bu tabiatni yaqindan his qilish imkonini beradi.
[gallery-31844]
Maskanda suv toshlar va daraxtlar orasidan 68 pog‘ona hosil qilib pastga tushadigan kaskad ham bor. Sayyohlik yo‘nalishi qulay yo‘laklar va dam olish joylari bilan jihozlangan. Hududda sayrni yanada qulay tashkil etish uchun turli xizmatlar ham yo‘lga qo‘yilgan.
Syaotsikunning o‘ziga xosligi yirik tabiiy manzaralardagina emas, balki uning mayda tafsilotlarida ham namoyon bo‘ladi. Sharsharaning salqin zarralari, suvda aks etgan daraxtlar, rang-barang kapalaklar va o‘rmon orasidan oqib o‘tuvchi soylar bu maskanga alohida joziba bag‘ishlaydi.
«Yetti kichik arka» Xitoyning tabiiy boyliklari, noyob landshaftlari va ekologik turizm salohiyatini namoyon etuvchi manzillardan biridir.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA