Nigora Abdullayeva “10th Qatar Weightlifting Cup”da 3 ta kumush medalli bo‘ldi
Qatar poytaxti Doha shahrida davom etayotgan “10th Qatar Weightlifting Cup” turnirining ortda qolgan uchinchi kungi bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Nigora Abdullayeva 3 ta kumush medalni qo‘lga kiritdi.
-58 kilogramm vazn toifasidagi musobaqalarda supaga ko‘tarilgan iste’dodli og‘ir atletikachi qizimiz N.Abdullayeva ushbu vazn toifasida yurtimiz sharafini munosib himoya qildi. U dast ko‘tarish, siltab ko‘tarish hamda ikkikurash yakunlariga ko‘ra, 3 ta kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Alohida ta’kidlash joizki, yilni yuqori sport formasida o‘tkazayotgan Nigora ketma-ket ikkinchi xalqaro musobaqada ham shohsupaga ko‘tarildi.
Mazkur vazn toifasida oltin medalga Shimoliy Koreya vakili Ox Kvang Ok egalik qilgan bo‘lsa, bronza medali tunislik Aya Alavadiga topshirildi.

Dast ko‘tarish bahsida esa bronza medal Turkmaniston terma jamoasi a’zosi Zibagul Soymushovaga nasib etdi.
27 dekabrga qadar davom etadigan mazkur turnirda og‘ir atletikachilarimiz qo‘lga kiritgan umumiy medallari soni 9 taga yetdi.
Eslatib o‘tamiz, N.Abdullayeva Ar-Riyodda o‘tkazilgan "Islom birdamligi" o‘yinlarida ham 3 ta kumush medalni qo‘lga kiritgan edi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA