Poytaxtimizda dunyo gimnastikachilari jam bo‘ladi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda badiiy gimnastika va sport gimnastikasiga qaratilayotgan ulkan e’tibor samarasida ushbu sport turi yoshlar orasida jadal ommalashmoqda. Natijada esa dunyo arenalarida yurt sharafini himoya qilishdek ulkan sharafga ega bo‘lgan iqtidorli gimnastikachilar safi tobora kengaymoqda.
Mazkur sport turini aholi o‘rtasida yanada ommalashtirish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-dekabrdagi “Gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2025-yil 8-iyuldagi “2028-yil Los-Anjeles shahrida (AQSH) bo‘lib o‘tadigan XXXIV yozgi Olimpiya va XVIII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent shahridagi Gimnastika bo‘yicha Respublika markaziy o‘quv-sport maktabida gimnastika sport turlari bo‘yicha qator nufuzli xalqaro musobaqalar o‘tkaziladi.
Jumladan, 4-6-aprel kunlari badiiy gimnastika bo‘yicha “Yorqin yulduzcha” xalqaro turniri bo‘lib o‘tsa, 7–13-aprelda badiiy gimnastika bo‘yicha jahon kubogi bosqichi tashkil etiladi.
Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, “Yorqin yulduzcha” xalqaro turnirida O‘zbekiston, Germaniya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya, Mo‘g‘uliston, Tojikiston, Tailand, Qirg‘iziston kabi davlatlardan kelgan sportchilar ishtirok etadi.
Jahon kubogi bosqichida esa O‘zbekiston, Armaniston, Avstraliya, Ozarbayjon, Belgiya, Braziliya, Bolgariya, Vengriya, Venesuela, Germaniya, Misr, Isroil, Hindiston, Italiya, Kanada, Qozog‘iston, Kipr, Xitoy, Qirg‘iziston, Latviya, Litva, Lyuksemburg, Malayziya, Meksika, Moldova, Portugaliya, Ruminiya, Singapur, Suriya, AQSH, Turkiya, Filippin, Finlyandiya, Chernogoriya, Chexiya Respublikasi, Shveysariya, Estoniya, Janubiy Koreya va Yaponiya hamda neytral maqomdagi AIN1, AIN2 davlat terma jamoalari a’zolari ishtirok etadi.
Darvoqe, joriy yilgi mavsumda gimnastika sport turlari bo‘yicha poytaxtimiz quyidagi musobaqalarga mezbonlik qiladi:
– 2026-yil 19–25-may kunlari sport gimnastikasi bo‘yicha Jahon kubogi;
– 2026-yil 15–20-sentabr kunlari badiiy gimnastika bo‘yicha “Gran-pri O‘zbekiston”;
– 2026-yil 16–23-noyabr kunlari sport gimnastikasi bo‘yicha “Duxoba yo‘l” xalqaro turniri;
– 2026-yil 1–6-dekabr kunlari tramplin bo‘yicha “Samodan baland” xalqaro musobaqasi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA