Sochida o‘tgan "Impuls" xalqaro festivalida o‘zbekistonliklar zafar quchdi
Rossiya Federatsiyasining Sochi shahrida imkoniyati cheklangan matonat va iroda sohiblari o‘rtasida o‘tkazilgan adaptiv sport turlari bo‘yicha III "Impuls" xalqaro festivalida mamlakatimiz vakillari muvaffaqiyatga erishdi.
20 dan ortiq mamlakat va Rossiyaning 2 ming nafardan ortiq maxsus olimpiada sportchilari ishtirokida o‘tkazilgan festival nafaqat musobaqa, balki inklyuziv sportni rivojlantirish, tajriba almashish va adaptiv sport turi vakillari o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlash uchun muhim maydon bo‘ldi.

Festival doirasida ishtirokchilar 20 dan ortiq sport turlari bo‘yicha bellashdi. Shuningdek, jamoaviy va yakka tartibdagi musobaqalar, inklyuziya va tajriba almashish mashqlari bajarildi.

Musobaqalar natijasiga ko‘ra, futbol bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi "Impuls" musobaqasida 1-o‘rin va festival kubogini qo‘lga kiritdi. Stol tennisi bahslarida esa hamyurtlarimiz 2 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medaliga egalik qildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA