Namanganlik Ibrohim ota Xo‘jayev 108 yoshida olamdan o‘tdi
El-yurt ardog‘idagi mehnat faxriysi, Namangan viloyati Nuroniylar jamoatchilik kengashi faoli, Namangan tumanining Mullakuding qishlog‘ining ulug‘ oqsoqollaridan biri Ibrohim hoji ota Xo‘jayev 108 yoshida olamdan o‘tdi.
Mehnat faoliyatini 1943-yilda agrar sohada boshlagan, uzoq yillar To‘raqo‘rg‘on va Namangan tumanlaridagi jamoa xo‘jaliklari hamda Namangan tumanidagi obodonlashtirish boshqarmasida fidoyilik bilan ishlagan otaxon mehnat faxriysi sifatida yurtdoshlarimizning hurmat-e’tiborini qozondi. U yoshlar ta’lim-tarbiyasida jonbozlik ko‘rsatdi. Sakkiz o‘g‘il va uch qiz hamda yuzdan ziyod nabira-evara-chevaralarni elimiz koriga yaraydigan insonlar etib kamolga yetkazdi.

Ibrohim ota Xo‘jayev 2019-yilda Prezidentimiz farmoniga asosan davlat mukofoti – “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan edi. Shuningdek, mamlakatimiz rahbarining tashabbusi bilan muqaddas Haj ziyorati amallarini bajarish baxtiga muyassar bo‘ldi.

O‘zbekiston faxriylarini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi raisi, Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekiston Qahramoni Sodiqjon Turdiyev marhumning xonadonida bo‘lib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning keksa nuroniy Ibrohim ota Xo‘jayevning oila a’zolari va yaqinlariga yo‘llagan ta’ziya xatini o‘qib eshittirdi.
Namangan viloyati hokimi, senator Shavkat Abdurazzoqov mehnat faxriysining boy hayotiy tajribasi, keng jamoatchilik orasidagi yuksak e’tibori va ibratli o‘gitlarini e’tirof etib, ortida qolganlarga hamdardlik izhor etdi.
Ta’ziya marosimida o‘tganlar ruhiga bag‘ishlab Qur’on tilovat o‘qilib, duoi-fotiha qilindi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.