O‘zbekiston sifat infratuzilmasini xalqaro darajaga olib chiqishni jadallashtirmoqda
Milliy sifat infratuzilmasini xalqaro talablarga muvofiq rivojlantirish O‘zbekistonning eksport salohiyatini oshirish, mahalliy mahsulotlarning tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini kuchaytirish va investorlar ishonchini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu maqsadda mamlakat UNIDO bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
QI4SD (Quality Infrastructure for Sustainable Development) indeksi mamlakatda standartlashtirish, metrologiya, akkreditatsiya va muvofiqlikni baholash tizimining qay darajada rivojlanganini aks ettiradi. Ushbu yo‘nalishda yuqori ko‘rsatkichlarga erishish mahalliy mahsulotlarning xalqaro bozorlarga chiqishida texnik to‘siqlarni kamaytiradi va eksport geografiyasini kengaytiradi.
Sifat infratuzilmasining takomillashishi ishlab chiqaruvchilar uchun xalqaro sertifikatlarni olish jarayonini yengillashtirib, mahsulotlarning jahon bozorida raqobatbardoshligini oshiradi. Bu esa eksport hajmini ko‘paytirish, yangi investitsiyalarni jalb qilish va sanoat tarmoqlarida qo‘shimcha qiymat yaratilishini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

UNIDO bilan hamkorlik doirasida xalqaro tajriba va metodologiyalarni joriy etish O‘zbekistonning global ta’minot zanjirlaridagi ishtirokini kengaytirishga, mahsulot sifati bo‘yicha ishonchni mustahkamlashga hamda iqtisodiyotning barqaror va uzoq muddatli o‘sishi uchun mustahkam zamin yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Qirg‘iz Respublikasida bo‘lib o‘tayotgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish bo‘yicha davlatlararo kengashi (MGS)ning 69-yig‘ilishi doirasida BMTning Sanoat taraqqiyoti tashkiloti (UNIDO) hamda O‘zbekiston vakillari o‘rtasida sifat infratuzilmasi indeksi — QI4SD Index masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda mamlakatning milliy sifat infratuzilmasini xalqaro mezonlar asosida baholash, QI4SD Index reytingidagi ko‘rsatkichlarni yaxshilash hamda metrologiya, standartlashtirish, akkreditatsiya, muvofiqlikni baholash va sifat siyosati sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada takomillashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Tomonlar zamonaviy va samarali sifat infratuzilmasi mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish, mahalliy mahsulotlarning tashqi bozorlardagi o‘rnini mustahkamlash, eksport salohiyatini kengaytirish hamda mahsulot va xizmatlar sifati va xavfsizligini ta’minlashda muhim omil ekanini alohida ta’kidladi.
Uchrashuv davomida QI4SD Index reytingida yuqori natijalarga erishish maqsadida institutsional salohiyatni mustahkamlash, xalqaro standartlarni keng joriy etish, texnik hamkorlik loyihalarini amalga oshirish, milliy sifat infratuzilmasini xalqaro talablar asosida yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni hayotga tatbiq etish yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, UNIDO ekspertlari tomonidan QI4SD Index metodologiyasi, baholash mezonlari hamda mamlakatning reytingdagi ko‘rsatkichlarini yaxshilashga qaratilgan amaliy tavsiyalar taqdim etildi. Mutaxassislar xalqaro tajribani keng joriy etish va milliy tizimni ilg‘or amaliyotlar asosida takomillashtirish muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va UNIDO o‘rtasida sifat infratuzilmasini xalqaro talablar asosida rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish, texnik hamkorlikni kengaytirish hamda mazkur yo‘nalishdagi qo‘shma tashabbuslarni izchil davom ettirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Qayd etilishicha, sifat infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar mamlakatning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilash, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish va milliy iqtisodiyotning barqaror o‘sishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA