Qoraqalpog‘iston Respublikasi xabarlari – qisqa satrlarda
Yurtimizda barcha sohalar qatori transport sohasida ham ko‘plab yangilanish va o‘zgarishlar amalga oshirilib, xalqimizga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash bo‘yicha ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
Ana shunday chora-tadbirlar qatorida Nukus shahrida aholiga sifatli jamoat transporti xizmati ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, harakat tarkibini yangilash, yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida “Fayz Avangard” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan 32 dona avtobus olib kelindi.
Albatta, yangi transportlar yo‘lovchilarga sifatli transport xizmatini taqdim etish va ularning uzog‘ini yaqin qilish yo‘lida xizmat qiladi.

***
To‘rtko‘lda “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi kubogi” uchun “Zakovat” intellektual o‘yinining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Jami 49 ta mahalla jamoasi ishtirok etgan mazkur musobaqa qizg‘in, murosasiz va yuqori ko‘tarinki ruhda tashkil etildi. Bellashuvlarda mahalladagi bilimdon va zukko faollardan tuzilgan jamoalar o‘zlarining teran fikrlashi, keng dunyoqarashi va tezkor mantiqiy tafakkurini sinovdan o‘tkazdilar.
Har bir soniya va har bir savol uchun kechgan shiddatli bahslar yakuniga ko‘ra birinchi o‘rinni “Ko‘na To‘rtko‘l” mahalla fuqarolar yig‘ini jamoasi, ikkinchi o‘rinni “Yangi hayot” mahalla fuqarolar yig‘ini jamoasi, uchinchi o‘rinni “Shodlik” mahalla fuqarolar yig‘ini jamoasi egalladi.
Musobaqada mutlaq ustunlik qilib, faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan “Ko‘na To‘rtko‘l” mahalla fuqarolar yig‘ini jamoasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

***
Shumanay tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli muassasa rahbarlari uchun ichki turizmni rivojlantirish, tarixiy-madaniy merosimizni keng targ‘ib qilish va ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashni boyitish maqsadida tarixiy joylarga sayohat tashkil etildi.
Sayohat Qoraqalpog‘iston Respublikasining tarixiy-me’moriy yodgorliklaridan biri Chilpiq qo‘rg‘onidan boshlandi. Ishtirokchilar ushbu qadimiy obidaning ko‘p asrlik tarixi, me’moriy xususiyatlari va xalqimiz sivilizatsiyasidagi o‘rni haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Keyingi manzil qadimiy Xiva shahri bo‘lib, ishtirokchilar shuhrat qozongan Kalta Minor, Xiva xonlarining qarorgohi bo‘lgan Ko‘hna Ark, naqshinkor bezaklari bilan ajralib turadigan Toshhovli saroyi, 200 dan ortiq yog‘och ustuni bilan mashhur Juma masjidi va Xivadagi eng baland me’moriy inshoot hisoblangan Islomxo‘ja minorasi bilan yaqindan tanishishdi.
Sayohat Arda Xiva majmuasiga tashrif bilan yakunlandi.

***
Taxtako‘pir tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchi-qizlar ishtirokida “Davraga kel, dugonajon” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.
Tadbir davomida o‘quvchi-qizlarning intellektual, ijodiy qobiliyatini yuzaga chiqarish, ularda milliy qadriyatlarga hurmat, ezgu an’analarga sodiqlik va yuqori axloqiy fazilatlarni shakllantirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari olib borildi.

Faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.