“Dolzarb 90 kunlik” doirasida mirishkorlik a’lochi bitiruvchilar e’tirof etildi
Bugun Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida yoshlarning yozgi ta’til davrini mazmunli tashkil etish, ularning bo‘sh vaqtini samarali o‘tkazish hamda ta’lim sohasida erishilgan yutuqlarni munosib e’tirof etish maqsadida “Dolzarb 90 kunlik” loyihasi doirasida seminar tashkil etildi.
4-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan tadbirda Mirishkor tumani hokimi Fayzullo G‘ulomov va boshqalar so‘zga chiqib, yozgi ta’til davrida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini yuksaltirish, sport va kitobxonlikka keng jalb etish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi.

Seminarda o‘quvchilarning yozgi ta’tilini mazmunli tashkil etish, ularni sport, fan, madaniyat va san’at to‘garaklariga keng jalb qilish, kitobxonlikni targ‘ib etish, mahallalarda ma’naviy-ma’rifiy hamda sport tadbirlarini kengaytirish yuzasidan ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Shuningdek, har bir ta’lim muassasasi va mahallada “Dolzarb 90 kunlik” loyihasi doirasida amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Temurbek Jalilovning so‘zlariga ko‘ra, yoshlarning bilim olishi, iqtidorini rivojlantirish va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bugungi kunda ta’lim tizimining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.
– Bugun ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda. O‘quvchilarimiz turli tanlov va olimpiadalarda munosib ishtirok etib, yuqori natijalarga erishmoqda. Biz uchun har bir yoshning bilim olishi, o‘z iqtidorini namoyon qilishi va bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi muhim. “Dolzarb 90 kunlik” loyihasi ham aynan shu maqsadlarga xizmat qiladi. Bu tashabbus orqali yoshlarning qiziqishlarini ro‘yobga chiqarish, ularni sport, san’at, kitobxonlik va boshqa foydali mashg‘ulotlarga keng jalb etishni maqsad qilganmiz, – dedi T.Jalilov.

Tadbirning tantanali qismida 2025-2026 o‘quv yilini a’lo natijalar bilan yakunlagan 8 nafar 11-sinf bitiruvchisiga oltin va kumush medallar topshirildi. Ular tumanning 10-, 21-, 28-, 36- va 38-sonli umumta’lim maktablari bitiruvchilari bo‘lib, o‘qishdagi yuqori natijalari, intilishi va namunali faolligi uchun e’tirof etildi.
28-sonli umumta’lim maktabi bitiruvchisi, oltin medal sohibi Zarnigor O‘ngboyeva taqdirlash marosimidan so‘ng o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
– Oltin medalga sazovor bo‘lganimdan juda ham xursandman. Bu natijaga erishishimda ustozlarimning mehnati, ota-onamning doimiy qo‘llab-quvvatlashi katta o‘rin tutdi. Ularning barchasiga samimiy minnatdorlik bildiraman. Kelgusida ham ishonchni oqlab, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan malakali mutaxassis bo‘lishga intilaman, – dedi u.
Tadbir yakunida ta’kidlanganidek, yozgi ta’til davomida o‘quvchilarni keng qamrab olish, ularning xavfsizligini ta’minlash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda “Dolzarb 90 kunlik” loyihasida belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish ustuvor vazifalardan biridir.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA