Mehr-oqibat va saxovatga yo‘g‘rilgan ayyom
Toshkent viloyatida Qurbon hayiti chinakam bayramona shukuh va shukronalik saodati bilan nishonlanmoqda. Ayyom munosabati bilan bugun erta tongdan viloyatdagi 222 ta masjidda hayit namozlari ado etildi.
Ushbu ibodatlarda hudud bo‘yicha 398 ming nafardan ziyod hamyurtlarimiz ishtirok etib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va dasturxonlarimiz to‘kinligi uchun duolar qilindi. Mazkur ayyom arafasida Prezidentimiz tashabbusi bilan mehr-saxovat tadbirlari ham keng tashkil etildi.

Jumladan, kam ta’minlangan oilalar, boquvchisini yo‘qotgan fuqarolar, Ikkinchi jahon urushi faxriylari hamda yolg‘iz keksalar holidan xabar olinib, ularga amaliy yordamlar ko‘rsatildi. Shuningdek, “Oilaviy bolalar uyi”, “Muruvvat” va “Saxovat” maskanlariga moddiy ko‘maklar yetkazildi.

Bundan tashqari, “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan bayram munosabati bilan 15 mingga yaqin oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi. Ayyom oldidan viloyatdagi 157 ta muqaddas qadamjo va tarixiy obidalar, shuningdek, 1111 ta qabriston hududida obodonlashtirish va tozalash ishlari amalga oshirildi.


Hayit namozlari va bayram tadbirlarini yuqori saviyada, osoyishtalik va xavfsizlik muhitida o‘tkazish maqsadida hokimliklar, tegishli tashkilotlar hamda huquq-tartibot idoralari xodimlari hududlardagi jome masjidlarga biriktirildi. Zangiota majmuasida bo‘lib o‘tgan hayit namozida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ham ishtirok etib, yig‘ilganlarni ulug‘ ayyom bilan samimiy tabrikladi.
A. Musayev, O‘zA