Londonda o‘zbek kinosi tarixi namoyish qilindi(+video)
Buyuk Britaniyaning London shahrida joylashgan Vestminster universitetida tashkil etilgan nufuzli madaniy-ma’rifiy tadbirda Fanlar akademiyasi San’atshunoslik instituti “Kino san’ati va audiovizual tadqiqotlar” bo‘limi boshlig‘i, taniqli kinoshunos, professor, san’atshunoslik fanlari doktori Nigora Karimova ishtirok etdi.
Safarning eng muhim voqealaridan biri sifatida “O‘zbek ovozsiz kinosi tarixidan” nomli KINOLEKTORIY media-loyihasining maxsus namoyishi tashkil etildi. Loyiha muallifi sifatida professor Nigora Karimova O‘zbekistonda kinematografiyaning shakllanish tarixi, milliy kino san’atining rivojlanish bosqichlari hamda uning jahon madaniy merosidagi o‘rni haqida xalqaro auditoriyaga batafsil ma’lumot berdi.
Tadbir davomida 1924–1935-yillarda suratga olingan o‘zbek ovozsiz filmlaridan lavhalar, tarixiy afishalar va noyob kino materiallari namoyish etildi. Bu esa talabalar, tadqiqotchilar va madaniyat ixlosmandlarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, o‘zbek kinosining ilk qadamlari, milliy obrazlar, o‘sha davr jamiyati va inson taqdiri ekran orqali qanday ifoda etilgani haqidagi muhokamalar tadbirga o‘ziga xos ilmiy va ijodiy ruh bag‘ishladi.
So‘nggi yillarda milliy kinematografiyada yangi avlod rejissyorlari, mustaqil ijodkorlar va xalqaro festivallarda ishtirok etayotgan filmlar paydo bo‘lishi o‘zbek kinosining yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ko‘rsatmoqda.
Ayniqsa, raqamli texnologiyalar, arxivlarni restavratsiya qilish ishlari va milliy kino merosini dunyo auditoriyasiga olib chiqishga qaratilgan tashabbuslar o‘zbek kinosiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirmoqda. Londonda o‘tgan mazkur tadbir esa nafaqat tarixga nazar, balki o‘zbek kinosining buguni va kelajagiga bo‘lgan ishonch ifodasi sifatida ham ahamiyatli bo‘ldi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/u4zcVjwMYC8?si=-cM2SEfRGTVeZF96" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova,
U.To‘xtayev (montaj),
O‘zA