Qoraqalpog‘iston Respublikasi xabarlari – qisqa satrlarda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori Sh.Aminov tomonidan aholi bilan bevosita va ochiq muloqot qilish, mavjud muammolarni aniqlash hamda ularni joyida bartaraf etish maqsadida eng olis Mo‘ynoq tumanida sayyor qabul o‘tkazildi.
Qabulda 25 dan ortiq jismoniy va yuridik shaxsdan 28 ta masala yuzasidan murojaat tushdi va7 tasi joyida ijobiy hal etildi. 5 tasi bo‘yicha huquqiy maslahat va tushuntirish berildi. Qolgan 12 ta murojaat qo‘shimcha o‘rganish va vaqt talab qilganligi uchun ish yurituviga qabul qilindi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan jismoniy va yuridik shaxslar vakillarini qabul qilish hamda murojaatlarini ko‘rib chiqish borasidagi ishlar davom etmoqda.
***
Qurbon hayiti munosabati bilan Kegeyli tumani “Baxtli” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan “Hakimqul ota” qabristonida obodonlashtirish va hashar ishlari keng ko‘lamda tashkil etildi.

Ezgu tashabbuslar orqali muqaddas qadamjolarni toza saqlash, mahallalarda hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, Mahallalar uyushmasi Kegeyli tumani bo‘limi tashabbusi bilan hududdagi barcha 55 ta qabristonda “mahalla yettiligi” rahbarligida aholi bilan hamkorlikda hasharlar o‘tkazildi. Shuningdek, ushbu tadbirlarda nuroniylar va yoshlar faollik ko‘rsatdi.
Hashar davomida qabriston atrofi tartibga keltirilib, chiqindilardan tozalanib obodonlashtirildi.
***
To‘rtko‘l tumani “Nuroniy” jamg‘armasi bo‘limi hamda 15-sonli umumta’lim maktabi hamkorligida “Uch avlod uchrashuvi” tashkil etildi.
Tadbirda ushbu maktabni tugatib, tumanning qishloq xo‘jaligi, iqtisodiyot va ta’lim sohalari rivojiga munosib hissa qo‘shgan mehnat faxriylari, maktab jamoasi hamda o‘quvchilar ishtirok etdi.

Suhbat davomida nuroniylar o‘z hayot va mehnat yo‘llari haqida so‘zlab, yoshlarga muvaffaqiyat kaliti - mukammal bilim va yuksak maqsad sari intilish ekanini ta’kidladi. Uchrashuv yakunida nuroniylar maktab kutubxonasiga badiiy kitoblar to‘plamini sovg‘a qildi.
***
Bugungi kunda Orolbo‘yida yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, aholi uchun qulay hamda xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Qurbon hayiti bayrami arafasida D239 “A380 avtomobil yo‘li 661-kilometrdan - Qizilqal’a qishlog‘i - Bo‘ston shahri - Guldirsin qishlog‘i - To‘rtko‘l shahri” avtomobil yo‘lining Ellikqal’a tumani hududidan o‘tadigan 23 - 28-kilometr qismida asfalt yotqizish ishlari bajarilib, yo‘lning 4 kilometrlik qismi ta’mirlandi.
Bu ishlar tuman Yo‘llardan foydalanish davlat tashkiloti tomonidan amalga oshirildi. Hudud aholisi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu yo‘lda bajarilgan ta’mirlash ishlari bayram sovg‘asi bo‘ldi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.