Kambag‘allikni qisqartirish: yangicha yondashuv, barqaror daromad
Milliardlab so‘m resurslarga qaramay, kambag‘allikni qisqartirishda natijalar turlicha. Endi moliyaviy ko‘makdan kompleks, barqaror daromad yaratuvchi loyihalarga o‘tilmoqda.
So‘nggi yillarda kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishida katta hajmdagi resurslar, kreditlar, subsidiyalar va bandlik dasturlari ishga tushirildi. Endi e’tibor tobora ularning yakuniy samarasiga — oilaning haqiqiy daromadi, iqtisodiy faolligi va mustaqil ishlash imkoniyatiga qaratilmoqda.
3-sentabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda hududlarga ajratilgan resurslar bir xil bo‘lsa-da, natijalar keskin farq qilayotganini qayd etdi. Shu nuqtai nazardan, kambag‘allik bilan ishlashda faqat moliyaviy ko‘mak emas, balki bozor, texnologiya, kasb-hunar, biznes-reja va mahsulotni sotish zanjirini birlashtirgan kompleks yechimlar zarurligi ta’kidlandi.
Bu yondashuvni shartli ravishda «loyihabay ishlash» deb ifodalash mumkin. Ya’ni, avval hududning iqtisodiy imkoniyati va oilaning holati o‘rganiladi, keyin esa ularni barqaror daromadga olib chiqishi mumkin bo‘lgan aniq loyiha shakllantiriladi. Bunda loyihaning vazifasi resurs tarqatish emas, balki ishlaydigan iqtisodiy zanjir yaratishdan iborat.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Kegeyli tumanida tashkil etilgan issiqxona kambag‘allikni qisqartirishda yorqin misol bo‘la oldi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tashabbusi bilan loyihaga 12.5 milliard so‘m imtiyozli mablag‘ ajratilib, 5 gektarda zamonaviy yengil tipdagi issiqxona barpo etildi. Dastlab tumandagi ijtimoiy reyestr ro‘yxatidagi 50 ta oila qamrab olinib, har biriga 10 sotixdan issiqxona maydoni ajratilgan.
Biroq loyihaning muhim jihati maydon ajratishning o‘zi bilan cheklanmaydi. Kompleksga biriktirilgan lider tadbirkor oilalarni ikki yil davomida shu yerning o‘zida o‘qitadi. Ular yetarli bilim va tajriba orttirgach, o‘z tomorqasida issiqxona tashkil etib, mustaqil daromad manbaini yaratishga ko‘maklashish ko‘zda tutilgan.
Shu ma’noda Kegeylidagi tajriba «ish o‘rni yaratildi» degan bir bosqichli yondashuvdan yiroq. Bu yerda zanjir bir nechta bosqichdan iborat: oilani tanlash, ishlab chiqarishga jalb qilish, amaliy o‘qitish, mahsulot yetishtirish, bozor bilan bog‘lash, tajriba to‘plash va keyinchalik mustaqil faoliyatga o‘tish.
Sardor tadbirkorning ishtiroki ham shu zanjirda alohida ahamiyatga ega. U faqat ish beruvchi emas, balki texnologiya, amaliy tajriba va bozorni oila bilan bog‘laydigan ishtirokchi sifatida maydonga chiqadi. Davlat esa resurs ajratish bilan birga, shu iqtisodiy aloqalar ishlashi uchun sharoit yaratadi.

Nega har bir hudud uchun bir xil yechim ishlamaydi?
Loyihabay yondashuvning asosiy mantig‘i — kambag‘allik sabablari ham, hududlarning iqtisodiy imkoniyatlari ham bir xil emasligini hisobga olish. Muammoni o‘rganib, unga maqbul yechim topish. Bir joyda issiqxona samarali bo‘lishi mumkin, boshqa hududda asalarichilik, chorvachilik, xizmat ko‘rsatish, hunarmandchilik yoki kichik ishlab chiqarish ko‘proq daromad keltirishi mumkin.
Qoraqalpog‘istonning o‘zida 2026-yilning birinchi yarmida mahallalarda 307.5 milliard so‘mlik 2251 ta loyiha amalga oshirilgan va rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, shu orqali 6 430 nafar fuqaroning daromadi oshirilgan. Bu ko‘lam loyihabay ishlashni alohida tajribadan tizimli yondashuvga aylantirish vazifasini ham kun tartibiga qo‘yadi.
- Shuning uchun asosiy savol: «qaysi dasturga odamni kiritish mumkin?» emas, balki «shu hududda va shu oila uchun qaysi iqtisodiy faoliyat barqaror daromad bera oladi?» bo‘lishi kerak, - deydi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining axborot siyosati masalalari maslahatchisi, axborot xizmati rahbari Gulnoza Alimova. - Loyiha ana shu savolga javob bergandagina u ijtimoiy ko‘makdan iqtisodiy imkoniyatga aylanadi. Natija resurs bilan emas, oila daromadi bilan o‘lchanadi. Loyihaviy ishlash natijani baholash mezonlarini ham o‘zgartiradi. Qancha kredit berilgani, qancha uskuna ajratilgani yoki qancha kishi band qilingani muhim ko‘rsatkichlar. Ammo, bularning o‘zi oila kambag‘allikdan barqaror chiqqanini anglatmaydi.
Yakuniy natijani tushunish uchun boshqa savollarga ham javob topish kerak. Ya’ni, oilaning daromadi oshdimi? Bu daromad muntazammi? Oila yangi kasb yoki ishlab chiqarish ko‘nikmasini egalladimi? Mahsulot uchun bozor bormi va u keyinchalik doimiy tashqi ko‘maksiz ham faoliyatini davom ettira oladimi?
Kegeyli misoli shu jihatdan muhim: u kambag‘allikni qisqartirishda resursning o‘zi emas, resursdan keyingi butun yo‘lni ko‘rsatadi. Loyihaning haqiqiy samarasi esa ikki yillik o‘qitish va keyingi mustaqil faoliyat bosqichidan so‘ng oilalar daromadining qanchalik barqaror bo‘lishi bilan baholanadi. Hozirgi bosqichda bu — modeli va mexanizmi aniq ko‘rinayotgan, ammo uzoq muddatli natijasi keyingi monitoringni talab qiladigan tajriba.
Shu bois kambag‘allikni qisqartirishda loyihaviy yondashuvning asosiy formulasi oddiy: hudud imkoniyatini aniqlash, oilaga mos loyihani tanlash, bilim va ko‘nikma berish, bozor bilan bog‘lash va barqaror daromadga olib chiqish. Bunda davlat ko‘magining qiymati ajratilgan resurs hajmi bilan emas, oilaning o‘z daromadini mustaqil yarata olish qobiliyati bilan namoyon bo‘ladi.
Sanjar Toshpo‘latov, O‘zA