Samarqand davlat universitetida Amir Temur davlati bayrog‘i o‘rnatildi
Ayni paytda Samarqand shahrida “Samarqand davlat universiteti kuni” tadbirlari o‘tkazilmoqda va Mirzo Ulug‘bek oliy madrasasining vorisi hisoblangan Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetining 606 yilligi keng nishonlanmoqda. Bu sana 1420-yil 21-sentabr kuni Samarqanddagi Mirzo Ulug‘bek madrasasida ilk mashg‘ulotlar boshlangani bilan bog‘liq.
Bugun tongda universitet rahbarlari va viloyat jamoatchiligi vakillari dastlab Amir Temur maqbarasini ziyorat qildi.
So‘ngra Samarqand davlat universiteti ma’muriy binosida ma’rifiy yuksalish bardavomligining ramzi sifatida Amir Temur saltanati bayrog‘i o‘rnatildi.

Universiteti rektori, fan arbobi Rustam Xolmurodov yurtimizdagi oliy ta’lim muassasasida ilk bor o‘rnatilayotgan mazkur ramziy bayroq bizga buyuk bobomizning davlatchilik siyosati, amalga oshirgan bunyodkorlik ishlari va ilm-fan rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini yodga solib turishini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, tadbirlar universitet xiyobonida davom etdi. Bu yerda o‘tkazilgan marosimda Samarqand viloyati hokimi A.Boboyev ishtirok etib, Samarqand davlat universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalarni tarixiy sana bilan tabrikladi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri