Oliy ta’lim muassasalari volontyorlik markazining samarali ishlash modeli — xorijiy tajriba asosida
Bugun oliy ta’lim oldida turgan vazifalar faqat yosh avlodga puxta bilim berish bilangina cheklanmaydi. Oliy ta’lim muassasasi, avvalo, o‘z fikriga ega, tashabbus ko‘rsatishga qodir, jamiyat hayotida faol ishtirok etadigan va mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishdan cho‘chimaydigan yoshlarni tarbiyalashi kerak. Men volontyorlik faoliyati bilan ishlash jarayonida bir narsaga tobora ko‘proq amin bo‘lyapman: bir yoshning haqiqiy salohiyatini faqat auditoriyada ko‘rish mumkin emas. Uning imkoniyatlari real vaziyatlarda, odamlar bilan ishlash, muammolarga yechim izlash va jamoaviy tashabbuslarda yanada yaqqol namoyon bo‘ladi.
Volontyorlik ana shunday tabiiy maktablardan biridir. Bu faoliyat orqali talaba muloqot, jamoada ishlash, vaqtni boshqarish, tashabbus va mas’uliyat kabi ko‘nikmalarni amalda egallaydi. Shu sababli men volontyorlikni oddiygina beg‘araz yordam emas, balki yosh insonning shaxsiy va professional rivojlanishiga xizmat qiladigan muhim pedagogik imkoniyat sifatida ko‘raman. Aynan shu qarash meni “Oliy ta’lim muassasalarida talabalar volontyorlik faoliyatini tashkil etishning pedagogik modelini takomillashtirish” mavzusida ilmiy izlanish olib borishga undadi.
Farg‘ona davlat universiteti volontyorlik markazi rahbari hamda O‘zbekiston volontyorlar assotsiatsiyasi mentor-treneri sifatida talabalar bilan ishlash jarayonida bitta muhim o‘zgarishga tez-tez guvoh bo‘laman. Markazga dastlab oddiy ishtirokchi sifatida kelgan talaba vaqt o‘tishi bilan tashabbus ko‘rsatadigan, jamoani boshqaradigan, loyiha ishlab chiqadigan va boshqalarga yo‘l ko‘rsatadigan yoshga aylanadi. Menimcha, volontyorlikning eng katta natijasi ham aynan shu o‘zgarishda. Shu sababli markaz faoliyatini faqat o‘tkazilgan tadbirlar yoki ishtirokchilar soni bilan baholash yetarli emas.
Asosiy mezon — yoshning ushbu faoliyat davomida qanday rivojlangani, qanday ko‘nikmalarni egallagani va keyingi bosqichga qanchalik tayyor bo‘lgani. Talaba tadbir tashkil etar ekan, loyiha boshqarishni; turli insonlar bilan ishlarkan, muloqot qilishni; muammo yuzaga kelganda esa mustaqil yechim topishni o‘rganadi. Shunday qilib, volontyorlik jarayonida orttirilgan tajriba asta-sekin professional kompetensiyaga aylanadi.
Xorijiy tajribani o‘rganish jarayonida ham meni aynan shu jihat qiziqtirdi. Ko‘plab oliy ta’lim muassasalarida talabalar volontyorligi ijtimoiy faollik bilan bir qatorda, shaxsiy va kasbiy rivojlanish vositasi sifatida ham qaraladi. Albatta, xorijiy tajribani aynan ko‘chirib olish to‘g‘ri emas. Har bir mamlakatning ta’lim tizimi va ijtimoiy muhiti o‘ziga xos.
Muhimi, samarali mexanizmlarni o‘rganib, ularni milliy sharoitga moslashtirish. Ayniqsa, volontyorlarni bosqichma-bosqich rivojlantirish, mentorlik tizimini yo‘lga qo‘yish, amaliy loyihalarga jalb qilish va faoliyat natijalarini baholash kabi yondashuvlar e’tiborga loyiq. Men uchun bu tajribaning eng muhim jihati shundaki, volontyor markazga kelgan zahoti tayyor mutaxassis sifatida emas, rivojlanish yo‘lidagi yosh sifatida qaraladi. U avval o‘rganadi, keyin amaliy vazifalarni bajaradi, tajribasi ortgani sari mustaqil loyiha va jamoalarni boshqarishga o‘tadi. Ana shu uzluksizlik volontyorlik markazini oddiy tadbirlar tashkilotchisidan rivojlantiruvchi muhitga aylantiradi.
Farg‘ona davlat universitetidagi faoliyatim ham yoshlarning tashabbusga tayyorligini ko‘rsatmoqda. Talabaga ishonch bildirilsa va unga amaliy imkoniyat berilsa, undagi ko‘plab qobiliyatlar yuzaga chiqadi. Albatta, buning uchun faqat ishonchning o‘zi yetarli emas, bilim, mentorlik va xatolarni tuzatish imkoniyati ham kerak. Men yoshlar bilan ishlaganda xatoni muvaffaqiyatsizlik emas, tajribaning bir qismi sifatida ko‘rishga harakat qilaman. Chunki hech kim birinchi kundanoq tajribali lider bo‘lib qolmaydi. Bugun kichik guruhga boshchilik qilgan talaba ertaga katta loyihani boshqarishi, bugun yangi volontyorga yordam bergan yosh esa ertaga mentor bo‘lishi mumkin. Shu ma’noda Volontyorlik markazi yoshlar uchun haqiqiy tajriba maktabiga aylanishi kerak.
Bunday markazning samarali ishlashi uchun esa aniq tizim zarur. Volontyorni jalb qilish, unga boshlang‘ich bilim berish, qiziqishi va qobiliyatiga mos yo‘nalishni aniqlash, amaliy loyihalarga jalb qilish, mentorlik va qayta aloqani yo‘lga qo‘yish — jarayonning muhim bosqichlari. Tajribasi ortgan volontyorga mustaqil loyiha yoki jamoani boshqarish imkoniyati berilishi kerak. Keyinchalik u yangi volontyorlarni tayyorlash jarayoniga jalb qilinadi. Men “volontyorlikdan professionallikkacha” modelini aynan shu rivojlanish zanjiri sifatida tasavvur qilaman: jalb qilish — o‘qitish — amaliyot — mentorlik — mustaqillik — yetakchilik. Shundagina volontyorlik vaqtinchalik mashg‘ulot emas, yoshning shaxsiy va professional rivojlanish trayektoriyasiga aylanadi.

Bugungi mehnat bozorida yosh mutaxassisdan faqat diplom emas, amaliy ko‘nikmalar ham talab qilinmoqda. Muloqot, jamoada ishlash, tashabbus ko‘rsatish, muammoga yechim topish va o‘z faoliyatini mustaqil tashkil etish kabi qobiliyatlar har qanday sohada muhim. Volontyorlik esa ana shu ko‘nikmalarni real faoliyat jarayonida shakllantirish imkonini beradi. Shu sababli men volontyorlikni oliy ta’limga raqobatchi emas, balki uning amaliy imkoniyatlarini to‘ldiruvchi vosita sifatida ko‘raman. Universitetda olingan bilim volontyorlik orqali hayotiy vaziyatlarda sinovdan o‘tadi, amaliy tajriba esa nazariy bilimning mazmunini chuqurroq anglashga yordam beradi. Natijada ta’lim, volontyorlik va professional rivojlanish bir-birini to‘ldiradigan yagona tizimga aylanishi mumkin.
Ilmiy tadqiqotimning asosiy maqsadlaridan biri ham ana shu bog‘liqlikni pedagogik jihatdan asoslash. Men uchun tadqiqot faqat ilmiy ish sahifalarida qolib ketadigan nazariy xulosalar yig‘indisi emas. Uning natijalari amaliyotda sinab ko‘rilishi va yoshlar bilan ishlash jarayoniga xizmat qilishi muhim. Farg‘ona davlat universitetidagi faoliyatim menga nazariya va amaliyotni bir-biridan ajratmasdan ko‘rish imkonini bermoqda. Talabalar bilan ishlash jarayonida tug‘ilgan savollar ilmiy izlanishlarimga yo‘nalish bersa, tadqiqot davomida shakllanayotgan xulosalar amaliy faoliyatimga yangicha qarash imkonini yaratmoqda. Shu jihatdan ilm va amaliyot bir-birini to‘ldiradigan ikki yo‘nalishdir. Volontyorlik markazining haqiqiy boyligi ham uning binosi yoki tadbirlar soni emas, balki o‘zida shakllantirgan inson kapitalidir. Kecha yangi kelgan volontyor bugun tajribali ishtirokchiga, ertaga esa loyiha rahbari yoki mentor-trenerga aylanishi mumkin.
Men uchun “volontyorlikdan professionallikkacha” yo‘li yoshlar bilan ishlashga bo‘lgan muayyan pedagogik qarash. Bugun universitetda tashabbus ko‘rsatayotgan talaba ertaga o‘z kasbida ham tashabbuskor mutaxassis bo‘lishi mumkin. Bugun boshqalarga yordam berishni o‘rganayotgan volontyor ertaga boshqalarga yo‘l ko‘rsatadigan yetakchiga aylanishi mumkin.
Shuning uchun men volontyorlikni yoshlarning bugungi faolligi emas, ertangi imkoniyatlari nuqtai nazaridan ham ko‘rish kerak, deb hisoblayman. Universitet rahbariyati tomonidan yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularga amaliy maydon yaratish va Volontyorlik markazi faoliyatini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor ham ana shu jarayon uchun muhim omil. Farg‘ona davlat universiteti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor Bahodirjon Shermuhammedov boshchiligida yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor bizga bu yo‘nalishda yangi loyihalarni amalga oshirish uchun imkoniyat yaratmoqda. Men esa bu imkoniyatni ilmiy izlanish, amaliy faoliyat va yoshlar bilan birgalikdagi yangi tashabbuslar orqali davom ettirishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘yganman.
Husniddin Tohirov,
Farg‘ona davlat universiteti tadqiqotchisi,
Universitet volontyorlik markazi rahbari.
O‘zA