Gaz ballon tadbirkor tomonidan yetkazib beriladi
Shu yilning 27-iyul kuni davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida aholi uchun suyultirilgan gaz ta’minotiga xususiy sektorni keng jalb qilish vazifasi qo‘yildi. Bu borada dastlab Andijon viloyatida yangi tajriba joriy etilishi, keyinchalik respublikamizning boshqa hududlarida ham yo‘lga qo‘yilishi aytildi.
Bunda tadbirkorlarga o‘zi import qilgan yoki birjadan xarid qilgan suyultirilgan gazni aholi va biznes sub’ektlariga yetkazib berish imkoniyati yaratiladi. Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga esa suyultirilgan gaz xaridi uchun subsidiya beriladi.
– Aholiga suyultirilgan gazni o‘z vaqtida va kafolatli yetkazib berishda yuzaga kelayotgan muammolar bunday qarorga kelishga sabab bo‘ldi, – deydi “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘i Ma’ruf Pardayev. – Viloyatimiz misolida oladigan bo‘lsak, shu yil yoz oylarida suyultirilgan gaz ishlab chiqarish quvvatlarining pasayishi, zavodlarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha texnik jarayonlar amalga oshirilishi sababli belgilangan miqdordagi gaz ololmadik. Natijada xalqimizga maishiy gaz ballonlari yetkazib berish davriyligi 45 kun oshib ketdi, Urgut, Bulung‘ur, Ishtixon tumanlarida 60-70 kungacha cho‘zildi. Tabiiyki, bu xalqimizning e’tirozlariga sabab bo‘ldi, murojaatlar soni ko‘paydi.
Bugungi kunda Samarqand viloyatida 526 mingdan ortiq iste’molchi, jumladan, 429 ta ijtimoiy soha ob’ekti bo‘lib, ularga oyiga 7729 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berishimiz kerak. Buning uchun filialga qarashli 6 ta gaz to‘ldirish shoxobchasi va tadbirkorlarga tegishli 5 ta shoxobchadan autsorsing asosida foydalanyapmiz. 601 mingta maishiy gaz ballon to‘ldirilib, 130 ta texnika yordamida aholiga aylanma navbat tizimi bo‘yicha yetkazib beriladi. Shuningdek, ishlab chiqarish korxonalaridan suyultirilgan gazni temiryo‘l va maxsus avtotransportlar orqali tashib kelishda ham muammo yo‘q. Gap yetarli miqdorda suyultirgan gaz ajratib berilishida. Ammo yuqorida qayd etganimdek, bir necha ishlab chiqarish hajmi pasayib ketgani sababli belgilangan limitdagi gazni ololmadik. Avgust oyining ikkinchi yarmi va sentabr oyidan limit bo‘yicha to‘liq suyultirilgan gaz olishni boshladik va aylanma grafik asosida yetkazib berish izga tushmoqda. Oy oxiriga qadar viloyat bo‘yicha belgilangan rejaga tushib olamiz.

– Ayni paytda Andijon viloyatida tajriba-sinov tarzida qo‘llanilayotgan va keyinchalik yurtimizning boshqa hududlarida joriy etiladigan yangi tizimda tadbirkorlarga o‘zi import qilgan yoki birja orqali xarid qilgan suyultirilgan gazni aholi va biznes sub’ektlariga yetkazib berish imkoniyati yaratiladi, – deya so‘zida davom etadi M.Pardayev. – Hozircha bu tizim Andijonda yaxshi natija bermoqda. To‘g‘ri, narx biz yetkazib berayotgan suyultirilgan gazdan biroz qimmat, lekin aholiga qulaylik yaratiladi. Yetkazib berish muddati bilan bog‘liq muammolarga barham berildi. Hozir iste’molchi E-gaz platformasi orqali, bir oylik muddatdan keyin gaz ballon olishi mumkin. Yangi tartib bo‘yicha bu cheklov bekor qilinadi. Iste’molchi ehtiyojiga qarab bir oyda ikki marta ham ballon to‘ldirib olishi mumkin. Agar tizim butun respublika bo‘ylab joriy qilinadigan bo‘lsa, albatta, buning huquqiy asoslari yaratiladi, aniq mexanizmlar ishlab chiqiladi. Shuni ham aytish kerakki, suyultirilgan gaz yetkazib berish tadbirkor tomonidan amalga oshirilganda aholining ehtiyojmand qatlami – ijtimoiy himoya reyestrida turgan fuqarolarga davlat tomonidan subsidiya beriladi.
Shuningdek, xonadonlarning real ehtiyojidan kelib chiqib, gaz ballonlari hajmini tabaqalashtirish taklif qilinmoqda. Suyultirilgan gazni tashish, saqlash va tarqatish tizimi xorijiy tajriba hamda xalqaro standartlar asosida qayta ko‘rib chiqiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, xususiy sektor tomonidan joriy yil boshidan buyon 157 ming tonna suyultirilgan gaz import qilingan. Agar aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlashda yangi tizim yo‘lga qo‘yiladigan bo‘lsa, raqam yanada oshishi, bozorda raqobat kuchayishi mumkin. Bu esa tabiiyki narx arzonlashishi, xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilanishiga xizmat qiladi. Aslida, tizimni isloh qilishdan ko‘zlangan maqsad ham shu yetkazib berish tezkorligi, xizmat sifati va ta’minot samaradorligini oshirish.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri