Jahon chempionatining "L" guruhidan joy olgan jamoalar musobaqa davomida qanday liboslardan foydalanishini e’lon qildi
"L" guruhidan joy olgan Angliya, Xorvatiya, Gana va Panama terma jamoalari qaysi brend ostidagi liboslaridan foydalanishini ma’lum qildi.
Joriy yilning yoz oyida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida ishtirok etadigan barcha terma jamoa qanday brendlar ostidagi libosda harakat qilishi aniq bo‘ldi. Ushbu turnirda "L" guruhidan joy olgan Angliya, Xorvatiya, Gana va Panama terma jamoalari qaysi brend ostidagi liboslaridan foydalanishini ma’lum qildi.
Guruhning ilk termasi Angliya jamoasi ushbu turnir davomida Nike tomonidan ishlab chiqilgan liboslarda harakat qiladi. Angliyaning uy libosi oq rangda bo‘lib, u oddiy va sodda dizaynda ishlangan. Libosning yoqa va yeng qismi to‘q ko‘k va oq ranglar kombinatsiyasi bilan ajratilib qo‘yilgan. Shuningdek formaning ikki yon tomoniga qizil va ko‘k chiziqlar bilan ishlov berilgan.

Angliyaliklarning safar libosi qizil rangda yaratilgan bo‘lib, uning ustiga geometrik naqshlar bilan ishlov berilgan. Libosning yeng va yoqa qismlari to‘q ko‘k rang bilan ajratilib qo‘yilgan. Formaning ikki yon tomoniga esa qora rang bilan dizayn qilingan.

Guruhning ikkinchi jamoasi Xorvatiya termasi ham ushbu turnirda Nike brendining liboslaridan foydalanadi. Xorvatiyaning uy libosi an’anaviy tarzda oq va qizil rang kombinatsiyasida shaxmat kataklari dizaynda ishlangan. Formaning markazidan esa gorizontal tarzda oq chiziq o‘tkazilgan, bu esa formaga yana ajoyib ko‘rinish beradi. Libosning yoqasi V shaklda ishlangan va to‘q qizil rang bilan ajratilib qo‘yilgan. Shuningdek, libosning ikki yon tomoniga to‘q ko‘k rangdagi shaklar bilan ishlov berilgan.

Xorvatiyaliklarning mehmon libosi esa ko‘k va to‘q ko‘k ranglar kombinatsiyasida shaxmat kataklari uslubida yaratilgan. Formaning markazidan gorizontal tarzda ko‘k chiziq o‘tkazilgan. Shuningdek, libosning yoqa qismi V shaklda ishlangan.

Guruhning uchinchi termasi Gana jamoasi mundialga Puma brendi ostidagi liboslarda tashrif buyuradi. Gananing uy libosi oq rangda bo‘lib, forma bo‘ylab rang-barang chiziqli va geometrik san’at uslubidagi dizaynlar qo‘llanilgan. Bu esa Afrika madaniy ornamentlarini eslatadi. Formaning ko‘krak qismiga katta qora yulduz joylashtirilgan bo‘lib, bu yulduz Gana bayrog‘idagi mashhur ramz hisoblanadi. Shuningdek, libosning yoqasi va ikki yon tomoni qora rang bilan dizayn qilingan.

Ganaliklarning ikkinchi libosi sariq rangda yaratilgan. Bu formada ham birinchi libos singari markaz qismiga qora yulduz joylashtirilgan. Bundan tashqari formaning ustki qismi turli xil geometrik naqshlar bilan dizayn qilingan. Formaning yoqasi V shaklda ishlangan va qizil rang bilan ajratilib qo‘yilgan. Shuningdek, kiyimning ikki yon tomoniga to‘q yashil rangdagi shaklar bilan ishlov berilgan.

Guruhning so‘nggi jamoasi Panama termasi ushbu turnirda Reebok brendi ostidagi liboslarda harakat qiladi. Panamaning mezbon libosi to‘q qizil rangda yaratilgan. Formaning ustki qismi hech qanday dizaynsiz yaratilgan. Formaning yoqa qismi polo shaklda ishlangan bo‘lib, to‘q ko‘k va oq rang kombinatsiyasi bilan ajratilib qo‘yilgan. Shuningdek, yeng qismining uch qismlari ham shunaqa dizayn qilingan. Formaning ikki yon tomoniga esa katta oq chiziq bilan ishlov berilgan.

Panamaliklarning safar libosi oq rangda bo‘lib, u sodda dizaynda yaratilgan. Formaning ustki qismining ikki yon burchakdan ingichka oltin rangdagi chiziqlar o‘tkazilgan. Libosning yoqa qismi V shaklda yaratilgan bo‘lib, to‘q ko‘k va qizil rang birlashmasi bilan bezatilgan. Shuningdek, formaning yeng qismi ham shu kombinatsiya bilan ajratilgan.
