Islom sivilizatsiyasi markazi – Xitoy delegatsiyasi e’tiborida
Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan 17-18-oktabr kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi.
Tashrif dasturiga ko‘ra yuqori martabali mehmon “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi.


Shundan so‘ng oliy va yuqori darajadagi muzokaralarda ishtirok etib, ikki mamlakat o‘rtasidagi yangi davrning barcha sharoitlarida har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi, ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.


Yuqori martabali mehmon boshchiligidagi rasmiy vakillar Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.

Mehmonlarga markazning faoliyati, uning ilmiy-ma’rifiy yo‘nalishlari hamda O‘zbekistonning islom ilm-fani va jahon tamadduni rivojiga qo‘shgan hissasini xalqaro miqyosda yoritish borasidagi ishlar haqida ma’lumot berildi.


Tashrif yakunida Xitoy Bosh vaziri markazda esdalik yozuvini qoldirdi. Unda sivilizatsiyalar o‘rtasidagi o‘zaro boyishni mustahkamlash va avlodlar do‘stligini davom ettirish g‘oyasi ifodalandi.


Shu bilan XXR Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syanning O‘zbekistonga tashrifi yakunlandi.


“Toshkent-Humo” xalqaro aeroportida yuqori martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda boshqa rasmiylar kuzatib qo‘ydi.

Abdulaziz RUSTAMOV, Musulmon ZIYO,
Nosirjon HAYDAROV, Otabek MIRSOATOV, (surat),
O‘zA