Davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida 32,5 mingdan ortiq qonunbuzilish qayd etilgan
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat ishchi guruhi shu yil aprel oyida Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlarida bo‘lib, Kadastr agentligi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni hamda sohada korrupsiya omillarini bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni o‘rgandi.
O‘rganish davomida Kadastr agentligi tizimida korrupsiyaning oldini olish va inson omilini kamaytirish borasida muayyan ishlar olib borilgani, jumladan, ichki komplayens tizimi yo‘lga qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi. Xizmatlarning bir qismi elektron shaklga o‘tkazilgan. Bu esa sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashda muhim omildir.

Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan mazkur o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan eshituv o‘tkazildi. Unda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish hamda korrupsion xavf-xatarlarni kamaytirish borasidagi ishlar samaradorligi tahlil qilindi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, sohada qator ijobiy ishlar bilan birga, tizimda ayrim muammo va kamchiliklar mavjud. Tizim xodimlari tomonidan fuqarolarning arizalarini ko‘rib chiqish jarayonida asossiz rad etish va muddatlarni buzish holatlari kuzatilmoqda. Xususan, 2025-yilda davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida 32 ming 544 ta qonunbuzilish holati qayd etilgan.

Eshituv davomida Kadastr agentligi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar batafsil muhokama qilinib, sohada natijadorlikni ta’minlash, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha taklif-tavsiyalar ishlab chiqildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA